Jurnalistlar Xoʻjaylidagi oʻzgarishlar bilan tanishdi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan Xoʻjayli tumaniga navbatdagi media-tur tashkil etildi.

Ommaviy axborot vositalari, blogerlar hamda faol yoshlardan iborat tadbir ishtirokchilari dastlab davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan majlis bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan “Xoʻjayli Agrosanoat markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Loyiha qiymati 69,6 milliard soʻm boʻlgan mazkur markazga tuman hokimi qarori bilan “Samankoʻl” ovul fuqarolar yigʻini hududidan 15,3 gektar yer maydoni ajratildi. Agrosanoat markazini zamonaviy texnik asbob-uskunalar bilan jihozlash maqsadida jami 4,5 million dollar qiymatida 9 ta import shartnomasi imzolangan. Bugungi kunda Janubiy Koreyaning “Myung Sung Placon LTD.”, Turkiya davlatining “Termodinamic Industrial LTD”, Xitoy Xalq Respublikasining “Chengdu Tianchen Compressors Manufacturing Co. LTD” va boshqa jahonning nufuzli korxonalarining zamonaviy uskunalari olib kelib oʻrnatildi.

Masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi R.Bozorboyevning maʼlumotiga koʻra, issiqxonada har gektardan 50 tonna pomidor, bodring va boshqa mahsulotlar yetishtirilmoqda. Ushbu mahsulotlar nafaqat ichki bozorni taʼminlamoqda, balki Qozogʻiston Respublikasiga ham eksport qilinmoqda. Korxonada tashkil etilgan logistika markazida 3 tonnalik muzlatgich oʻrnatilgan boʻlib, u mahsulotlarni uzoq muddat oʻz holida saqlash imkonini beradi.

Markazning foydalanishga topshirilishi bilan 80 nafar kishining, shu jumladan yoshlarning bandligi taʼminlandi. Ularning unumli mehnat qilishi, dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Media-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili tuman markazidagi “Murtazabiy” mahalla fuqarolar yigʻini hududida oʻtgan yilning 20-dekabrida foydalanishga topshirilgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi “Bolajon markazi” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-iyundagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 6 milliard 364 million soʻmlik loyiha amalga oshirildi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasidan ajratilgan 3 milliard 816 million soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻi qoʻl keldi. Tuman hokimiyati tomonidan yer ajratilgach, 2018-yilning avgustida qurilish ishlari boshlangan edi.

Qisqa muddatda sifatli bitkazilgan “Bolajon markazi” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolajonlarning sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Tashkilotda 120 nafar bolani tarbiyalash rejalashtirilgan boʻlib, shundan 30 nafarini ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarning farzandlari tashkil etadi. Bugungi kunda 60 nafar tarbiyalanuvchi qabul qilingan va 15 nafar xodim doimiy ish bilan taʼminlandi. Muhtasham bino, malakali mutaxassislar jamoasi, zamonaviy texnika vositalari va jihozlar bilan taʼminlangan muassasada oʻquv xonalari, oshxona, sayr qilish bogʻi, oʻyin atraksionlari, suzish havzasi, jonli burchak bolajonlar xizmatida.

Tashkilotda taʼlim-tarbiya jarayoni ilgʻor xorijiy tajribalar asosida olib borilmoqda. Rus, ingliz tillari chuqur oʻrgatiladi, Rasm, badiiy gimnastika, suzish, raqs toʻgaraklarida malakali mutaxassislar mashgʻulot oʻtmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tumanda yaqinda foydalanishga topshirilgan Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Markaz binosining qurilishi uchun Bandlik jamgʻarmasi hisobidan tegishli mablagʻ ajratilgan. Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarini tashkil etish va oʻtkazish, mehnat organlari tomonidan aholiga va ish beruvchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ishsizlarni, yoshlarni, birinchi navbatda, kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini hamda aholining boshqa ijtimoiy zaif toifalarini ishga joylashtirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Oʻtgan 2019-yil davomida markazga ish soʻrab 3296 nafar kishi murojaat qilgan boʻlsa, shundan 1877 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Ulardan 662 nafarini yoshlar tashkil qiladi. Shundan 2277 nafari mavsumiy haq toʻlanadigan jamoat ishlariga, 87 nafari qayta kasbga oʻqitishga yuborildi.

Yangi yil bayrami arafasida “Samankoʻl” ovul fuqarolar yigʻini hududida foydalanishga topshirilgan 4-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida media-tur ishtirokchilari bilan matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbirda tuman hokimi Jenis Yermashov oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar va davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan joriy yilgi vazifalarga toʻxtaldi.

Taʼkidlanganidek, tumanda oʻtgan yil mobaynida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2018-yilga nisbatan 97,4 milliard soʻmga, xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish 17,4 million soʻmga, qurilish ishlari hajmi 117,8 milliard soʻmga, xizmat koʻrsatish hajmi 29,7 milliard soʻmga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish 16,9 milliard soʻmga koʻpayishiga erishildi. Shuningdek, oʻtgan yili tumanda 2 million 256 ming dollarga teng mahsulot eksport qilindi.

Tumanda 2019-2020-yillarga jami 133 milliard 320 million soʻmlik 40 ta loyiha, shuning hisobidan 475 ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan boʻlsa, shundan bugungi kunga jami 88 milliard 211 million soʻmlik 24 ta loyiha amalga oshirilib, 211 yangi ish oʻrni yaratildi.

Tumanda 214 ta fermer xoʻjaligi mavjud boʻlib, ular asosan paxta, gʻalla, bogʻdorchilik, polizchilik, chorvachilik, baliqchilik va boshqa sohalar bilan shugʻullanadi.

Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va kelgusidagi hamkorlik boʻyicha fikr-mulohazalar bildirishdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA