Bugungi kunga kelib dunyo hamjamiyatining e’tibori Orolbo‘yini ekologik sog‘lomlashtirish ishlariga qaratilgan. Orol dengizining qurigan hududiga saksovul urug‘i qadalib, teresken, boyalich, astragal, yulg‘un va boshqa qurg‘oqchilikka chidamli butalar, qumda o‘suvchi o‘tlar va o‘simliklar ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.
Olimlarning fikricha, ana shu o‘simliklar tufayli Orol tubida tuz-qumli quyunlar va bo‘ronlar paydo bo‘lmaydi. Tuya va yilqi uyurlari, sigir va qo‘ylar podasi paydo bo‘ladi. Yangi tarmoq – chorvachilik yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Orol hududini ekologik sog‘lomlashtirish dasturi shu va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan.
Mo‘ynoqqa ko‘p boraman. Har safar borganimda o‘zim uchun nimadir kashf qilaman. Hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘raman, mislsiz bo‘y ko‘rsatayotgan o‘zgarishlarni his qilaman, amin bo‘laman, tushunaman. Shu yil 7 yanvar kuni tongda Mo‘ynoq tumaniga bir qator faol yoshlar bilan safarga otlandik. Safarim davomida ko‘plab yangiliklarga, sarguzashtlarga guvoh bo‘ldim.
Jumladan, Prezident maslahatchisi, general-leytenant Tursunxan Xudaybergenov va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Sa’dullaev bilan shaxsan uchrashib muloqotda bo‘ldim. Bundan tashqari, 10 yanvar kuni Xalqaro press-klubning “Orol taqdiri: Dengiz chekinayapti, inson chekinmaydi” mavzusidagi jonli muloqot dasturida ishtirok etdim. Yoshlar safari davomida Orol dengizi qurishi oqibatlarini kamaytirish uchun saksovul urug‘larini ekishga yordamlashishdi. “Orol taqdiri uchun hammamiz javobgarmiz!” Ushbu shiorni ko‘ngil dastxatiga aylantirgan yoshlar qizg‘in davom etayotgan ish jarayonlari haqida mutaxassislardan tushuntirish olgach ishga kirishdi. Avvalo, saksovul urug‘lari maxsus ish samolyotlariga joylashtirilib, ichida yoshlar bo‘lgan samolyot Orol ustida parvoz qildi.
Saksovul urug‘larini ekib chiqish uchun 150 ta traktor shay edi. Faxr tuyg‘usiga evrilgan mehnat jarayoni boshlandi. Orolni qutqarish uchun mehnatga bel bog‘lagan yoshlar kishini quvontiradi. Bir so‘z bilan aytganda, bugun nafaqat mamlakatimiz e’tibori, balki dunyo nigohi ham Mo‘ynoqqa qaratilgan.
Miloddan avvalgi asrlarda dunyo yuzida “Barcha yo‘llar Rimga olib boradi” iborasi mashhur bo‘lgan. Sababi, shu davrda Rim islohotlar markazi edi. Bugungi asrda esa “Hamma yo‘llar Mo‘ynoqqa olib boradi” iborasi mashhur bo‘lishi kerak.
Sababi barcha Mo‘ynoqqa tashrif buyurib bu yerda amalga oshirilayotgan olamshumul ishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi kerak. Bugun Orolbo‘yi va Mo‘ynoqda amalga oshirilayotgan ishlar eng avvalo, Prezidentimizning sa’y-harakatlari natijasidir. Biz shu joyda, shu xayrli ishlarga o‘z hissamizni qo‘shish orqali Prezidentimizga kamarbasta, xalqimizga madad bo‘lishimiz kerak.
Dilmurod YO‘LDOShEV,
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi.
Manba: “Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasi
O‘zA