“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida 28-dekabr kuni Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ushbu loyihaning roʻyobga chiqishiga hissa qoʻshgan quruvchi va kimyogarlarga hamda chet ellik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
– Bunday muhim, zamonaviy va innovatsion loyihalar Navoiy viloyati iqtisodiyoti va uning “lokomotivi” boʻlgan sanoat sohasini yangilash, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, aholi va byudjet daromadlarini jadal oshirishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi korxonada yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlarga avtomobilsozlik, toʻqimachilik, metallurgiya, kimyo, neft-gaz tarmoqlari, elektr texnikasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishda talab yuqori. Ular shu paytgacha katta valyuta evaziga import qilinardi. Ayniqsa, kichik biznes subyektlari bu masalada juda qiynalardi.
Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi yurtimiz korxonalarini zarur xomashyo bilan taʼminlaydi. Shuningdek, har yili 40 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Yangi majmuada 900 dan ziyod ish oʻrni yaratildi.
Davlatimiz rahbari “Navoiyazot” jamiyatidagi uchta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish oson boʻlmaganini qayd etdi.
– Har qancha qiyin boʻlsa ham, katta marralarni maqsad qilib qoʻyib, tashabbus koʻrsatib, fidoyilik bilan mehnat qilsak, albatta ularga erishamiz, – deya taʼkidladi Prezident.
Loyiha Xitoyning “China CAMC Engineering Co., LTD” va “HQC Shanghai Company” kompaniyalar konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatining salohiyati bundan-da yuqori ekani, ularni ishga solish uchun zarur sharoit va mutaxassislar borligini qayd etdi.
– Sahro bagʻrida Navoiy va Zarafshon kabi shaharlarni, sanoat mintaqasini barpo etgan viloyatning mehnatkash, mard va olijanob aholisi yangi Oʻzbekiston rivojiga katta hissa qoʻshadi, – deya ishonch bildirdi davlatimiz rahbari.
Prezident ramziy tugmani bosib, korxonani ishga tushirdi.
Marosimda mehnat faxriylari, yoshlar, xitoylik muhandislar soʻzga chiqdi.