Ijod maktablarida vatanparvar yoshlar kamolga yetadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyni borib koʻrdi.

Oʻzbek romanchiligining asoschisi, vatanparvar adib Abdulla Qodiriy xotirasiga ehtirom koʻrsatish, milliy adabiyotimiz rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini ulugʻlash maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi oldida ijod maktabi va muzey barpo etildi. Boqqa kiraverishda buyuk yozuvchi haykali oʻrnatildi.

Davlatimiz rahbari mazkur haykalning ochilish marosimida ishtirok etib, uning poyiga gul qoʻydi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-dekabrdagi farmoyishi bilan tashkil etilgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻzbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur oʻrganishga ixtisoslashgan.

Joriy oʻquv yilida maktabning 5, 6, 7 va 8-sinflariga ijodiy imtihonlar va test sinovlari asosida 121 nafar oʻquvchi saralab olindi. “Yosh kitobxon” respublika koʻrik-tanlovi gʻolibi Zilola Shomurodova ham ijod maktabiga qabul qilindi.

Bu yerda oʻgʻil-qizlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun hamma sharoit yaratilgan. Xonalar keng, yorugʻ, shinam va qulay. Fan kabinetlari zamonaviy texnologiyalar va oʻquv anjomlari bilan taʼminlangan. Kutubxona adabiy asarlar, badiiy adabiyotlarga boy. Ochiq va yopiq sport zallarida bolalar sport toʻgaraklariga qatnashishi, salomatligini mustahkamlashi uchun qulayliklar mavjud.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.

– Abdulla Qodiriy ijod maktabida oʻqiyotgan bu bolalar yangi Oʻzbekistonning kelajagi bunyodkorlaridir. Barcha umumtaʼlim maktablari ushbu oʻquv dargohidan maʼnaviyatni, maʼrifatni oʻrganishi lozim. Chunki bu yerda tahsil olayotgan bolalar nafaqat maʼnaviyatli, balki oʻz vatanini yurakdan sevuvchi isteʼdod egalari. Biz ijod maktablarida vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni maqsad qilganmiz, – dedi Prezident.

Ijod maktabida “Qodiriy izdoshlari”, “Yosh qalamkashlar”, “Yosh jurnalistlar” kabi toʻgaraklar, “Ifodali oʻqish”, “Notiqlik sanʼati” boʻyicha qoʻshimcha darslar tashkil etilgan. Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bagʻishlangan maʼrifiy tadbirlar tez-tez oʻtkazilib turadi.

Davlatimiz rahbari oliy oʻquv yurtlarining olimlari bu yerda dars oʻtishi, taniqli yozuvchi va shoirlar mahorat saboqlarini yoʻlga qoʻyishi, darslar zamonaviy metodikalar asosida olib borilishi zarurligini taʼkidladi. Isteʼdodli bolalar faqat oʻquv jarayoni bilan cheklanmay, universitetlarda amaliy mashgʻulotlar oʻtashi kerakligini qayd etdi. Oʻgʻil-qizlarga mamlakatimiz tarixini mukammal oʻrgatish maqsadida ijod kunlari yurtimizning diqqatga sazovor shaharlariga sayohatlarini tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

– Bu maktabda millatparvar, oʻzligini anglagan avlod kamol topishiga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, bu yil Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligi keng nishonlandi. Bunday tadbirlar adib nomi qoʻyilgan ijod maktabida oʻzgacha shukuh bilan oʻtdi.

Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻiga kiraverishda adib muzeyi barpo etildi. Mazkur binoga “Turon” kutubxonasi ham joylashtirildi. Bu nafaqat yetuk ajdodimizning vorislari, balki adabiyot, maʼnaviyat va maʼrifat ahlini, butun xalqimizni quvontirdi.

Prezidentimiz muzey va kutubxonadagi sharoitlarni ham koʻzdan kechirdi.

Muzeyga kiraverishda Abdulla Qodiriyning hikmatli soʻzlari bitilgan. Chap tomonda adibning hayot va ijod yillari xronologiyasi, qatagʻon yillari eksponatlari hamda mustaqillik yillarida yozuvchiga koʻrsatilgan ehtirom aks etgan ekspozitsiyalar joylashgan. Tomoshabinlar zaldagi ulkan monitorda adib asarlari asosida suratga olingan “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” filmlarini, boshqa kartinalarni koʻrishi mumkin.

Davlatimiz rahbari shu yerda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar bilan muloqot qildi.

 

O’zA