Unda 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar yuzasidan fikr almashildi.
Malayziya parlamenti aʼzolari saylov yuqori uyushqoqlikda oʻtganini alohida taʼkidladi. Saylovning ochiq, oshkora va teng huquqlilik tamoyillari asosida tashkil qilingani qayd etildi. Ovoz beruvchilarning yagona elektron roʻyxati joriy etilgani siyosiy tadbirning ijobiy jihatlaridan biridir. Keyingi saylovlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan yanada keng va samarali foydalanish imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif qilindi.
***
Oliy Majlis Senatida navbatdagi uchrashuv Osiyo Parlament Assambleyasi bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiy bilan tashkil etildi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Kurmanov bilan suhbatda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berildi. Oʻzbekistondagi bu galgi saylovlar mutlaqo yangi shakl va mazmun kasb etgani, bu Osiyoning koʻpgina davlatlari uchun katta tajriba ekani alohida taʼkidlandi.
– Toshkent shahridagi beshta saylov uchastkasida boʻldim, – deydi Muhammad Rizo Majidiy. – Barchasida saylovchilar ovoz berishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Yangi saylangan deputatlar xalq farovonligini yuksaltirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshishiga ishonaman.
***
Oliy Majlis Senati aʼzolari saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Gruziya parlamenti deputatlari bilan ham uchrashdi.
Tomonlar Oʻzbekistonda oʻtgan saylov va ikki mamlakat parlamentlararo munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Oʻtkazilgan saylov haqida soʻz borar ekan, Gruziya parlamenti aʼzolari ovoz berishning barcha bosqichlarida fuqarolarning yuqori darajadagi faolligi kuzatilganini qayd etdi.
***
Misr Arab Respublikasi Vakillar Majlisi Ijtimoiy birdamlik, oila va nogironlar qoʻmitasi raisi Abdulhodiy Ahmad Abdulhodiy Al-Kasabiy bilan muloqotda fuqarolarning saylovga qiziqishi yuqori ekani qayd etildi.
Oʻzbekistonda qonunchilik organlari tomonidan saylov huquqi va jarayoniga kiritilgan oʻzgartish va yangiliklar xalqaro huquq normalariga mos kelishi bildirildi.
Misrlik mehmon yangi Saylov kodeksi mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
***
Kunning ikkinchi yarmida Senat aʼzolari xalqaro kuzatuvchi –Malayziya tashqi ishlar vazirligi Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik departamenti boshligʻi Muhammad Azhar Maslan bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda yuqori darajada tashkil etilgan saylov va unga koʻrilgan hozirlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini koʻrib chiqdi.
Muhammad Azhar Maslan taʼkidlaganidek, saylovlar deputatlikka nomzodlar oʻrtasida halol raqobatni namoyon qildi. Buni siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida oʻtgan debatlar ham tasdiqlaydi.
– Buxoro shahridagi saylov uchastkalarida boʻlib, odamlarning ovoz berish jarayoniga oilaviy kelganiga guvoh boʻldim. Buning barchasi yosh avlod uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Tadbirda tomonlar mazkur siyosiy tadbir chinakam demokratik andozalarga muvofiq oʻtgani, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻsini yana mustahkamlashga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.