Hafta davomida ob-havo qanday bo‘ladi?

“O‘zgidromet” matbuot xizmati hafta davomida yurtimizda kutilayotgan ob-havoning qanday bo‘lishi haqida izoh berdi.
Bugun yurtimizda quruq va 3-8 daraja haroratli iliq havo saqlanadi. Ertaga esa hududlarda ob-havo barqaror bo‘lib harorat 10-13 daraja iliqqacha ko‘tariladi. Bu qish kunlarida bo‘ladigan me’yoridan 2-4 daraja yuqori demakdir.
Chorshanba ya’ni 18 dekabrda mamlakatimiz hududining katta qismida ob-havoning o‘zgarishi kutilmoqda. Ayrim joylarda boshlangan yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
Bu Turkmanistonda kirib kelayotgan nam havo oqimlari bilan bog‘liq. Shuningdek, ayrim joylarida shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Harorat kechasi o-5 daraja iliqni tashkil qiladi, kunduzi 3-8 daraja iliqqacha pasayadi va me’yordan 4-6 daraja past bo‘ladi.
Payshanba ya’ni 19 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida Volga bo‘yidan kirayotgan sovuq havo ta’sirida kuchsiz yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.
Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, harorat bir me’yorda saqlanib qoladi.

 

O‘zA