Oʻzbekiston olgʻa ildamlamoqda

Rossiya Federatsiyasida chop etiladigan yetakchi nashrlardan biri – “Moskovskiy komsomoles” gazetasining 2019-yil 3-dekabr sonida taniqli jurnalist Mixail Rostovskiyning mamlakatimizda kechayotgan islohotlarga bagʻishlangan “Oʻzbekiston olgʻa ildamlamoqda” nomli maqolasi eʼlon qilindi. Quyida ushbu maqolaning tarjimasi berilmoqda.

Prezident Mirziyoyev davri yilnomalari: qanday qilib sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari ichida eng yopiq hisoblangan davlatlardan biri jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlardan biriga aylanmoqda.

Sobiq SSSR makonida Rossiyaning har doim ham qulay va til topishsa boʻladigan boʻlmasa-da, biroq qudratli va ishonchli hamkor va ittifoqdoshlari koʻpmi? Maʼlumki, “boʻlinmas ittifoq” 15 ta respublikani oʻz ichiga olgan. Biroq yuqorida aytilgan roʻyxatni tuzish uchun bizga bir qoʻlimiz barmoqlari ham yetadi. Moskva bilan muzokaralar chogʻida Qozogʻiston doimo oʻz manfaatlarini qatʼiy himoya qilib keladi, lekin Nursulton Nazarboyev sobiq ittifoq makonida doimo integratsiyaning bosh tashabbuskori boʻlib maydonga chiqadi. Aleksandr Lukashenkoning Kremlga nisbatan soxta va haqiqiy xafagarchilik va noroziliklari shunchalik odat tusiga kirganidan, ular deyarli jiddiy qabul qilinmay qoʻydi. Biroq Moskva va Minskning mudofaa sohasidagi hamkorligi tufayli mana bir necha oʻn yillardan buyon belarus flangidagi chegaralarimiz mustahkam. Putin va Armanistonning amaldagi rahbari Nikola Pashinyanning shaxsiy munosabatlarida koʻpincha kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Lekin qoʻshni Ozarbayjon bilan koʻp yillik, holdan toydiradigan darajadagi nizoga kirishgan Yerevanning Rossiyadan boshqa suyangan togʻi yoʻq. Bu kichkina roʻyxatimizga yana bir davlat qoʻshilganini maʼlum qilishdan mamnunman. Bu yaqin vaqtgacha “yolgʻiz sayr qilish”ni afzal bilgan, Markaziy Osiyodagi eng muhim mamlakat hisoblanadigan Oʻzbekistondir.

c64fb37b-fd6b-458f-9446-d5c6403d4fcb.jpg

Samolyotimiz yarim tunda Xorazm viloyatining markazi Urganch shahrida qoʻnishga shaylangan vaqtda oʻzimiz uchun vip-zal buyurtma qilmaganimga uch karra afsuslandim. Uchish vaqtida tanish-bilishlarimizdan oʻzbek chegara va bojxona xizmatlarining odatlari haqida eshitgan “qoʻrqinchli” voqealarni sheriklarim bilan muhokama qildik va bir necha soat davom etadigan hamda odamning tinka-madorini quritadigan tintuvga tayyorlandik. Lekin qoʻrquvimiz asossiz boʻlib chiqdi: hamma narsa xamirdan qil sugʻurgandek oʻtdi. Tashrifim soʻnggida bu shunchaki baxtli tasodif emasligini tushunib yetdim.

2016-yil kuzida mustaqil Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotidan soʻng, ekspertlarning deyarli hech biri bu mamlakatda haqiqatdan ham muhim oʻzgarishlar roʻy berishini mutlaqo kutmagan edi. Mintaqa boʻyicha mutaxassislar bir ovozdan 33 million aholiga ega mamlakatni Karimov rejimining davomi kutmoqda, deb bashorat qildi.

Biroq Oʻzbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev skeptiklar fikrini butunlay yoʻqqa chiqarishga muvaffaq boʻldi. Respublikada jadal surʼatlar bilan kuni kecha ilojsizdek tuyulgan oʻzgarishlar boshlandi. Karimov davrida Sovet Ittifoqiga xos juda koʻplab jihatlar saqlanib qolgan edi. Oʻzbekistonliklar oʻz yurtini faqatgina “organlardan” chiqish vizasini olgandan soʻng tark etishi mumkin edi. Mamlakatning milliy valyutasi – soʻmning doimo ikkita, bir-biridan farq qiluvchi ayirboshlash kursi, yaʼni noreal rasmiy hamda qora bozor kursi amal qilib, buning uchun hatto panjara ortiga oʻtirish ham hech gap emas edi. Oʻquv yilining ilk oylarida maktab oʻquvchilari va talabalar oʻqish bilan emas, dalalarda paxta terimi bilan band boʻlardi. Oʻsha paytlarda bu yerda Sovet Ittifoqidagi sobiq qardosh mamlakatlar bilan minalangan chegara nuqtalari ham uchrab turardi. Mirziyoyev davrida bunday erish holatlar oʻtmishda qoldi.

Keyinchalik Moskvada Oʻzbekistonning ikki Prezidenti bilan ham shaxsan tanish boʻlgan Rossiya amaldorlari bilan suhbatlashar ekanman, ikki davlat rahbarlarining xulq-atvor belgilarida ham keskin tafovut mavjudligiga eʼtibor berdim. Har qanday suhbatdosh bilan muloqot chogʻida Islom Karimov asosan monolog shakliga urgʻu berar edi. Shavkat Mirziyoyev esa muzokaralarda oʻzaro muloqotga alohida eʼtibor qaratadi. Karimov oʻta yopiq va bosiqligi bilan ajralib turardi. Mirziyoyev esa, aksincha, ochiq tabiatli inson sifatida eʼtirof etiladi.

Biroq bu holatni chuqur oʻrganganim sari, Oʻzbekistonning ikki rahbarini taqqoslash nooʻrin ekaniga boʻlgan ishonchim yanada mustahkamlanardi. Karimovsiz Mirziyoyev siyosiy maydonga chiqmagan boʻlardi. Mamlakatning qattiqqoʻl Birinchi Prezidenti tomonidan asos solingan mustahkam siyosiy poydevor boʻlmaganda, ikkinchi Prezident hech qachon Oʻzbekistonning butun dunyo va Rossiyaga ochilishiga erisholmagan boʻlar edi.

Karimov qanday qilib Oʻzbekistonni qutqargan?

“Binoga qariyb 130 metr qolganda, koʻz oʻngimizda portlash yuz berdi, qandaydir buyumlar va mashina qismlari havoga uchdi. Prezident devoniga qaytish uchun mashinamni burdim. Bu bino terakt sodir boʻlgan joydan 600-700 metr narida boʻlishiga qaramay, u yerda ham portlash oqibatida oynalar singan edi. Qoʻrquvdan oʻzini yoʻqotib qoʻygan va sarosimaga tushgan odamlar koʻchaga yugurib chiqayotgan edi. Islom Abdugʻaniyevich ularning yoniga borib, shunday dedi: «Xotirjam boʻlinglar. Biz bu sinovni albatta yengib oʻtamiz…” Islom Abdugʻaniyevich portlash joyiga yaqin Vazirlar Mahkamasiga qaytishga qaror qildi… Binoga kelgach, portlovchi moddalar bilan toʻldirilgan mashinalar portlashidan hosil boʻlgan ulkan chuqurni, portlash toʻlqinidan singan oyna siniqlari bilan jarohatlangan odamlar, qisman vayron boʻlgan binolarni koʻrdik. Maydonda turib shaharning boshqa joylarida turli vaqt oraliqlarida roʻy berayotgan portlash ovozlarini eshitdik».

87c608315f3a3719681d80583fd5d534.jpg

Oʻzbekiston Birinchi Prezidentining qoʻriqchisi Usmon Berdimurodovning bu hikoyasiga men Karimov fondida menga sovgʻa qilingan xotiralar kitobida duch keldim.

Albatta, 1999-yilning 16-fevralida sodir boʻlgan, yuqorida zikr etilgan bir qator portlashlar kabi dramatik hodisalar Oʻzbekistonda mustaqillikning ilk yillarida har kuni ham yuz bermagan. Lekin bir narsaga shubha yoʻq: 1989-yilning iyun oyida Islom Karimov Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimida ish boshlaganida, juda ogʻir siyosiy va iqtisodiy merosga ega boʻlgan edi.

Oʻzbekiston Birinchi Prezidentining rafiqasi Tatyana Akbarovnaning dastxati bilan menga sovgʻa qilingan xotira kitobini varaqlar ekanman, 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshida Oʻzbekistonning Moskvadagi elchisi lavozimida ishlagan eski tanishim Shoqosim Shoislomovning quyidagi hiqoyasini oʻqib qoldim: «1986-yil boshida Moskvada yoshi 35 yoshdan oshmagan 40 nafar kishidan iborat “yosh kadrlar zaxirasi”ni tuzish haqida qaror qabul qilindi. Markaziy Komitet tashkiliy boʻlimi instruktori lavozimida ishlaganim uchun men ham bu roʻyxatga kiritildim. 1986-yil mart oyida bizga Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston SSR Gosplani raisi bilan uchrashuv boʻlishi haqida xabar berishdi. Oldimizga koʻrinishi yosh, tik qomatli bir kishi chiqdi. Bu Islom Abdugʻaniyevich Karimov edi. U ortiqcha ehtirosga berilmagan holda, bosiqlik bilan bizga respublika iqtisodiyotining joriy holati haqida soʻzlab berishini maʼlum qildi. Soʻngra, qogʻozlarga qaramay, bir soatu qirq daqiqa davomida bizni sarosimaga tushirib qoʻygan maʼlumotlarni bayon qildi. Biz eshitganlarimizdan nafaqat oʻzimizni yoʻqotib qoʻydik, balki ruhan ezildik.

Maʼruzachining fikrlaridan shunday maʼno kelib chiqardiki, Oʻzbekiston deyarli barcha sohalarda aholi jon boshiga nisbatan koʻrsatkichlar boʻyicha sobiq Ittifoqda oxirgi oʻrinlarni egallardi. Zalga ogʻir sukunat choʻkdi. Choʻzilib ketgan sukunat tufayli tugʻilgan noqulaylikni yengish uchun, men guruh boshligʻi sifatida savol berdim: agar Oʻzbekistondagi vaziyat shunchalik ogʻir boʻlsa, respublika rahbariyati qayerga qarayapti? Islom Karimov zalga diqqat bilan qarab: “Men ham buni bilishni istar edim”, dedi.

Albatta, Islom Karimovning safdoshlarini marhum ustoziga nisbatan yon bosishda gumon qilish mumkin. Ammo ular tomonidan vaziyatga berilgan baho, Karimovga xushomad qilishdan hech qanday foyda koʻrmaydigan inson – Oʻzbekiston KP MK birinchi kotibi lavozimida undan oldin ishlagan Rafiq Nishonovning xotiralarida ham oʻzining toʻliq tasdigʻini topadi. Ikki siyosatchi oʻrtasidagi munosabatlar samimiylikdan yiroq boʻlgan. Oʻz xotiralarida Nishonov Karimovning familiyasini tilga olmaslikka harakat qiladi. Ammo u oʻzi respublika rahbari lavozimini egallagan qisqa – yaʼni bir yarim yillik davrda Oʻzbekistondagi vaziyatga bergan taʼrifining oʻzi yaqqol bahodir: “Ishlarning holatini tahlil qilar ekanman, men har jabhada tanazzul izlarini koʻrardim. Muammolar qalashib ketgan, boshni changallashdan boshqa iloj qolmagan edi”.

Afsuski, ushbu muammolar faqat Oʻzbekiston iqtisodiyotidagina toʻplanib qolmagan edi. SSSR hukm surgan soʻnggi yillarda siyosiy beqarorlik toʻlqinlari barcha respublikalarni toʻla qamrab olgan edi. Oʻzbekiston ushbu toʻlqinlar oldida nihoyatda himoyasiz qoldi. Respublikaning siyosiy elitasi maʼnan ezilgan, tushkunlikka yuz tutgan edi. “Oʻzbek ishi” degan soxta kampaniya bahonasida oliy boʻgʻin rahbarlari qamoqqa olinar edi. 1989-yilda yaqindagina Ministrlar Sovetining rahbari boʻlgan shaxs ham, respublika partiya Markazkomining sobiq birinchi kotibi ham qamoqda saqlanayotganini aytishning oʻzi kifoya. Oʻsha paytlarda bironta sobiq ittifoq respublikasida bunday ogʻir vaziyat kuzatilmagan. Tobora kuchayib borayotgan siyosiy boʻshliq, ijtimoiy himoyasizlik, aholi sonining keskin ortib borishi va diniy ekstremistlar taʼsirining ortib borishi Oʻzbekistonda nosogʻlom kuchlarning zoʻravonligi yuzaga kelishi uchun shart-sharoitlar yaratib berdi. Ana shunday zoʻravonlik holatlari sodir boʻldi ham.

Rafiq Nishonov Islom Karimovning Oʻzbekistonning partiya rahbari lavozimiga tayinlanishidan bir necha kun oldin sodir boʻlgan voqealarni shunday tasvirlaydi: “3-iyun kechki payt mehmonxonada hayotimdagi eng dahshatli qoʻngʻiroqlardan biri chalindi. Menga Fargʻonadan telefon qilib, Toshloq, Komsomolskiy posyolkalarida, Margʻilon shahrida janjal-toʻpolonlar sodir boʻlayotgani haqida xabar qilishdi. Bir necha soatlardan beri mesxeti turklar qirgʻini davom etar edi. Uyushgan yoshlar toʻdalari uylarga bostirib kirar, talonchilik, zoʻravonlik qilar, yovuzlarcha odam oʻldirar, uy-joylarga oʻt qoʻyar edi. Bosqinchilik «Turklar, Oʻzbekistondan yoʻqollaring” degan hayqiriqlar bilan davom etar edi. Bir kun oʻtgach, SSSR ichki ishlar vaziri Vadim Viktorovich Bakatin bilan birga Fargʻonaga joʻnab ketdim. Bakatin bilan birga talofat yetgan tumanlarni koʻzdan kechirar ekanmiz, yoʻlda yuk mashinasiga chiqib olgan yigitlarni uchratar edik, ular qoʻllarida tayoq, montirovka, yonadigan moddali butilkalar va hatto qurol ham tutib olgan edi. Holbuki, eng xavfli uchastkalarga ichki ishlar jangchilari qoʻyilgan edi».

SSSR tarqalgan paytda Oʻzbekiston uchun siyosiy nuqtayi nazardan ayniqsa oʻta inqirozli vaziyat vujudga keldi. 1991-yil dekabrida rasmiy davlat tuzilmalari aholi soni boʻyicha Oʻzbekistonda ikkinchi shahar hisoblanadigan Namanganda vaziyatni qoʻldan boy berdi. Hokimiyat amalda oʻzini “amir” deb eʼlon qilgan 23 yashar Tohir Yoʻldoshev boshchiligidagi radikal aqidaparastlar qoʻliga oʻtdi. Eshitishimga qaraganda, Karimov darhol Namanganga uchib kelgan, mutaassib toʻda markaziga kirib borgan, Yoʻldoshevning qoʻlidan mikrofonni tortib olgan va “Odamlar, ishonmang!” deb qichqirgan ekan. Oʻzbekiston Prezidenti kam sonli qoʻriqchilari bilan “Yak-40” samolyotida ekstremistlar egallab olgan shaharga yetib kelib, aholi va radikal oqim yetakchilari bilan muzokaraga kirishgan va siyosiy jihatdan ustunligi bilan asta-sekin ularni yenggan.

Moʻjiza tufayli saqlanib qolgan, oʻsha voqealar muhrlangan videoyozuvlardan koʻrinadiki, Islom Karimov Tohir Yoʻldoshni “uka” deb ataydi va ekstremistlar bilan vazmin ohangda muloqot qiladi. Oʻylaymanki, uning suhbatdoshlari keyinchalik ushbu davomli suhbatni koʻp eslashgan boʻlsa kerak.

Rasmiy Toshkentning yashirin ekstremistlar bilan kurashi uzoq va mashaqqatli kechdi. Ammo Karimov kuch ishlatishni siyosiy vositalar bilan hamohang olib borish orqali nafaqat oʻz yurtida, balki boshqa hududlarda ham vaziyatni oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi. Oʻrta Osiyodagi beqarorlikka qarshi kurashda Oʻzbekiston Birinchi Prezidentining roli haqida Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro aloqalar institutining Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi rahbari Irina Zvyagelskaya shunday deydi: «SSSR tanazzulga yuz tutib, Tojikistonda fuqarolar urushi boshlangach, rasmiy Moskva avvaliga bu voqeaga aralashishni istamadi. Rossiyaning rahbar doiralarida, ushbu sobiq sovet respublikasida demokratlar kommunistlar bilan jang qilayapti, degan qarash hukmron edi.

Islom Karimovning Moskvaga tashrifi vaziyatni tubdan oʻzgartirib yubordi. Oʻzbekiston Prezidenti Yelsinga muxolifatning aksariyati hech qanday “demokrat” emas, balki haqiqiy aqidaparast ekanini tushuntira oldi. Shundan soʻng Tojikistonda joylashgan, Moskvaga boʻysunuvchi 201-chi diviziya ekstremistlar bilan keskin jangga kirishdi. Karimov tufayli Markaziy Osiyoda “domino” effektining oldi olindi. Mintaqani toʻliq beqarorlashtirish xavfi yoʻqoldi».

Oʻzbekistonning Birinchi Prezidentidan minnatdor boʻlish uchun, oʻylaymanki, shuning oʻzi ham yetarli. 2016-yil sentyabrida Islom Karimov vafotidan soʻng Vladimir Putin u haqda shunday degan edi: “U menga xayrihox munosabatda edi. Islom Abdugʻaniyevichning yoshi mendan kattaroq edi, shu sababli shaxsiy muloqot paytida u menga ismimni aytib, «sen” deb murojaat qilardi. Bunda allaqanday samimiyat, insoniy yaqinlik va iliqlik bor edi».

Islom Karimov Oʻzbekistonda barpo etgan rejimning kamchiliklarini toʻliq anglagan holda, men nima sababdan Putin u bilan shunchalik taʼsirchan, chin koʻngildan vidolashganini tushungandayman.

Yangi davr kunlari

Oʻzbekistonning ikkinchi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosat maydonida birinchi marta paydo boʻlishi 1991-yilga borib taqaladi. Oʻsha paytdagi Oʻzbekiston Oliy Soveti Islom Karimovga toʻliq sadoqatli emasdi. Parlament sessiyalaridan birida bir guruh muxolifatchilar oʻziga xos pinhona fitna uyushtirishga – Prezidentni oʻz lavozimidan boʻshatishga ham urinib koʻradilar. Karimov haqidagi xotiralar kitobida qayd etilishicha, oʻsha paytda Oliy Sovetda Mandat komissiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan Shavkat Mirziyoyev isyonchilarga “keskin zarba berganlardan” biri boʻlgan.

Keyingi yildan boʻlajak Prezidentning Oʻzbekiston ijro hokimiyati tizimida xizmat pillapoyalaridan bir tekis, ayni damda tez surʼat bilan oʻsish davri boshlanadi. Avvaliga u Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining birinchi prorektori lavozimidan poytaxt tumanlaridan birining rahbari vazifasiga tayinlanadi. 1996-yilda Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati hokimi darajasiga koʻtariladi. 2001-yilda Samarqand viloyatiga ayni shunday lavozimga tayinlanadi. Va nihoyat, 2003-yilda boʻlgʻusi Prezident respublika Bosh vaziri etib tayinlanadi.

Dunyoning aksariyat mamlakatlarida hukumat rahbari lavozimi – eng asosiy va muhim lavozim sanaladi. Oʻzbekiston ham bundan mustasno emas. Lekin uning mustasnoligi shunda ediki, Karimov davrida Bosh vazir oʻzining siyosiy xususiyatlarini ommaviy namoyish etish huquqiga ham, imkoniga ham ega emasdi. Oʻsha yillari Toshkentga tashrif buyurgan Moskvaning yuqori mansabdorlari menga hatto yopiq muzokaralarda ham respublika Bosh vaziri oldindan tayyorlab qoʻyilgan matnni oʻqib berishga majbur boʻlgani haqida soʻzlab berishgan edi.

2016-yilda Islom Karimov vafotidan soʻng Shavkat Mirziyoyev oʻzining siyosiy salohiyatini yaqqol namoyon etish imkoniyatiga ega boʻldi. U avvaliga Prezident vazifasini bajaruvchi, soʻngra xalq tomonidan Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanadi.

Davlat rahbari sifatidagi qatʼiy pozitsiyasini bilish maqsadida Shavkat Mirziyoyevning soʻnggi bayonotlaridan birini olaylik: “Biz xalqimizni rozi qilishimiz, xalq bilan, insonlar bilan bevosita muloqotda boʻlishimiz kerak. Bugun hech kimning kechagidek ishlashga haqqi yoʻq. Mahdudlik, korrupsiya, oshna-ogʻaynigarchilik ishga hech qanday yordam bermaydi… Shahar va tumanlarning koʻpgina hokimlari eskicha uslubda ishlashni davom ettirishni xohlaydi. Agar ular xalqni rozi qilmasa, ularning oyogʻi yerdan uzilgan boʻlsa, bilingki, biz ularni ishdan boʻshatishga majbur boʻlamiz… Toki hayot bor ekan, biz orzu qilishdan, maqsadimiz sari olgʻa borishdan toʻxtamaymiz. Biroq sen rahbar sifatida xalqqa xizmat qilishga bel bogʻlagan ekansan, ishga putur yetkazadigan barcha masalalarni orqaga tashlashing kerak… Bitta notoʻgʻri bosilgan qadam oyogʻimizga kishan boʻladi, igna bilan quduq qazigandek qiyinchilik bilan erishgan obroʻyimizga katta zarar yetkazadi”.

Gorbachyov va Yelsinning koʻplab balandparvoz, biroq hayot voqeligiga toʻgʻri kelmaydigan nutqlari rossiyaliklarda “xalqqa xizmat qilish” mavzusidagi quruq gaplarga nisbatan maʼlum bir istehzo kayfiyatini paydo qilgan edi. Biroq Shavkat Mirziyoyev oʻzbek amaldorlari uchun butunlay yangi boʻlgan siyosiy madaniyatni singdirishga harakat qilgan holda, faqatgina “ishdan boʻshatish” bilan poʻpisa qilmayapti. U shaxsan oʻziga yaqin boʻlgan kishilar haqida gap borganda ham ushbu vaʼdasini bajaradi. Boʻlajak Prezident Samarqand viloyati hokimi boʻlgan davrlarda professional iqtisodchi boʻlgan Zoir Mirzayev moliya boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan edi. Bir necha yildan soʻng Mirzayev ancha koʻtarilib ketadi. U Karimov tomonidan Samarqand viloyati hokimi etib tayinlanadi. Keyinchalik yangi Prezident Mirziyoyev esa unga qishloq va suv xoʻjaligi vaziri – Bosh vazir oʻrinbosari lavozimini ishonib topshiradi.

Prezidentning doimo eʼtiborida boʻlib kelgan bu kadrning karyerasi 2018-yil oktyabrga kelib toʻsatdan toʻxtab qoldi. Zoir Mirzayev Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumaniga tekshiruv tashrifi chogʻida bugʻdoyni sugʻorish sifatidan koʻngli toʻlmaydi. Bosh vazir oʻrinbosari “beparvo qishloq xoʻjaligi xodimlarini tarbiyalash” maqsadida ularning olti nafariga suv bilan toʻldirilgan ariqqa tushib, ogʻir toshlarni koʻtargan holda, qator boʻlib turishni buyuradi. Oldingi mezonlarga koʻra, bu xatti-harakatda hech bir uyatli, hatto eʼtiborga loyiq narsa yoʻq. Sovet davrida oliy martabali boshliqlar koʻpchilikning oldida qoʻl ostidagilarni nafaqat haqoratlash, balki byurokratik til bilan aytganda, ularga nisbatan “jismoniy choralar koʻrish”ga ham odatlanib qolgan edi. Biroq ariq va toshlar bilan bogʻliq voqea boshqacha yakun topadi. Voqea aks etgan fotosurat Internetda paydo boʻlganidan soʻng Prezident Mirzayevni oʻz vazifasidan boʻshatadi.

Qariyb bir yil davomida olis bir tuman hokimi lavozimida ishlagan Zoir Mirzayev “siyosiy jihatdan obroʻ-eʼtiborini tiklaydi”: viloyat hokimi vazifasiga tayinlanadi. Bu Shavkat Mirziyoyev kek saqlamasligidan va xatoga yoʻl qoʻygan qoʻl ostidagi xodimlarga ikkinchi bor imkoniyat berishga tayyor ekanidan dalolatdir. Bu Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatni modernizatsiya qilishga kirishganidan soʻng duch kelgan tizimli muammo – malakali, ishonchli va yangicha boshqaruv kadrlar tanqisligining koʻrinishi edi. Bu holat ayniqsa koʻproq kuch tizimlariga taalluqli edi. Shavkat Mirziyoyev ularning xulqi haqida gapirganda, “Prokurorlar – eng asosiy oʻgʻrilardir!” deb tortinmay aytadi. Kezi kelganda, hozirgi kunda Oʻzbekistonning ikkita bosh prokurori qamoqda ekanligini aytish joiz. Rashid Qodirovga korrupsiya va xizmat burchini suiisteʼmol qilganlik uchun oʻn yil, Ixtiyor Abdullayevga – jinoiy toʻdani tashkillashtirgani uchun oʻn sakkiz yil qamoq jazosi belgilandi. Shunisi qiziqki, 2018-yilda prokuraturadan ketib hibsga olingunga qadar Abdullayev bir yildan ortiq vaqt davomida Oʻzbekistonning asosiy maxsus xizmati – Davlat xavfsizlik xizmati rahbari lavozimida faoliyat yuritgan.

Shu yilning kuzida Oʻzbekistonga uyushtirgan birinchi tashrifimdan koʻzlangan maqsad – mamlakatning madaniy va tarixiy diqqatga sazovor joylarini koʻrish edi. Ularni taʼriflashga til ojiz. Oʻrta asr shahri boʻlmish Xiva va uning minoralari, koshona va karvonsaroylari ajoyib tarzda saqlangan. Uni “Ming bir kecha” ertagiga qiyoslash mumkin. Qoraqalpogʻistonning qadimiy qalʼalari kishini yoʻqolib borayotgan sivilizatsiyalar haqida fikr yuritishga undaydi: ushbu azim inshootlardan ayrimlarining yoshi ikki yarim ming yildan oshadi. Samarqandning Islom Karimov nomidagi markaziy prospektidan burilib, shaharning tor koʻchalariga kirish mumkin. Tarixiy Buxoroning betakror muhitini, bu goʻzal maskanni tark etish nechogʻlik ogʻir boʻlganini ifodalash mushkul. Bularning bari tashrif chogʻida qalbimda xush kayfiyat uygʻotdi.

Shu bilan birga, men Oʻzbekistonda jadal surʼatlar bilan modernizatsiya jarayoni ketayotganining ham guvohi boʻldim. Bir tomondan, Shavkat Mirziyoyev uch yillik rahbarligi davomida ancha koʻp ishlar amalga oshirilgan. Koʻplab keraksiz toʻsiqlarning bekor qilinishi tufayli respublikada mutlaqo boshqacha muhit shakllanmoqda. Mamlakat poytaxti Toshkent ulkan qurilish maydonini eslatadi. Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari xorijiy sayyohlar bilan gavjum. Boshqa tomondan esa, Oʻzbekiston oldida hali amalga oshirilishi kerak boʻlgan koʻp ishlar turgani koʻrinib turibdi.

Prezident Mirziyoyev tez orada Oʻzbekiston paxta yigʻimi mexanizatsiyalashga oʻtishini vaʼda qildi. Biroq bizning tashrifimiz paytida dalalar paxtani eskicha usulda – qoʻlda terayotgan xotin-qizlar bilan toʻla edi. Urganchdan Buxorogacha avtomobilda 420 kilometrlik sayohatimiz davomida yoʻlning ayrim qismlari dunyoning eng obod shosselariga oʻxshar, baʼzi qismlari esa oʻnqir-choʻnqirlar bilan toʻla edi.

Shavkat Mirziyoyev oldida turgan vazifaning qanchalik murakkabligini noyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan “Valday” xalqaro munozara klubining Osiyo konferensiyasida angladim. Klub qoidalariga koʻra, kim nima deganini soʻzma-soʻz aytib berishga haqqim yoʻq. Shuning uchun sizlarga faqatgina menda chuqur taassurot qoldirgan rossiyalik ekspert nutqining mazmunini yetkazaman. Iqtisodiy modernizatsiyaning yakuniy maqsadi nimadan iborat? Toʻppa-toʻgʻri, iqtisodiyot yuksalishining eng yuqori surʼatlarini imkon qadar generatsiya qilishdan. Biroq Sharqning baʼzi davlatlaridagi islohotlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi doim ham mamlakatdagi umumiy holatni yaxshilashning kaliti boʻla olmaydi. Mehnat unumdorligining oshishi ish oʻrinlarining boʻshashiga olib keladi. Ishsizlar esa ekstremistik kayfiyatning kuchayishi uchun ideal muhitni shakllantiradi. Shu sababli nafaqat iqtisodiyotning yuksalishini koʻzlash, balki iqtisodiy yuksalishni ijtimoiy barqarorlikni saqlash bilan uygʻunlashtirish muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekiston uchun bunday ehtiyotkor va puxta oʻylangan yondashuv mutlaqo zarur hisoblanadi. Respublika aholisi sonining oʻsishi borasidagi statistikaga nazar tashlasak: 1950-yil – 6,3 million; 1991-yil – 20,7 million, 2019-yil – 33,5 million. Taʼkidlash joiz, ulardan ikki millionga yaqini Rossiyada yashab, mehnat qiladi. Islom Karimov ularga nisbatan salbiy munosabatda edi. Shavkat Mirziyoyev esa bu masalaga pragmatik yondashadi. Rossiyalik xabardor mansabdor shaxslarning soʻzlariga koʻra, Shavkat Mirziyoyev bu masalaning hozirgi holati Oʻzbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni saqlash uchun katta madad ekanini yaxshi tushunadi. Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti boʻlgach, rasmiy Toshkentning Moskvaga nisbatan munosabati mutlaqo oʻzgardi. Islom Karimov davriga xos ehtiyotkorlik va oʻzini yiroqroq tutishga harakat qilishdan voz kechib, yaqin aloqalarni tiklash vaqti keldi.

Toʻgʻrisini aytganda, “tiklash” soʻzi bu yerda nooʻrin boʻlsa kerak. Aslida tiklaydigan hech narsa yoʻq. Axir Sovet Ittifoqi paytida sodir boʻlgan voqealar SSSRda qoldi. Shuning uchun Rossiya – Oʻzbekiston hamkorligining mutlaqo yangi asosi paydo boʻldi, desak, toʻgʻriroq boʻladi. Lekin ochigʻi, “yangi asos” qanday boʻlishi hali nomaʼlum. Hozirga paytda Moskva – Toshkent munosabatlarida barchani eng koʻp qiziqtiradigan savol – Oʻzbekiston ODKB, yaʼni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mudofaa blokiga va YevroOsiyo iqtisodiy kengashiga aʼzo boʻladimi yo yoʻqmi? Moskva voqealarning bunday rivojidan manfaatdorligini yashirmaydi. Men buni tushunaman, hatto qoʻllab-quvvatlayman, biroq bir shart bilan. Karimov davrida Oʻzbekiston ikki marotaba KXSHTga aʼzo boʻlgan va aʼzolikdan chiqqan. Bu borada YevroOsiyo iqtisodiy kengashi oʻtmishdoshining koʻproq omadi keldi: unga nisbatan “kirish-chiqish” operatsiyasi bir marotaba amalga oshirilgan. Bularning barchasi salbiy bir voqelikni aks ettiradi, uning qaytarilishiga esa hech ham yoʻl qoʻyish kerak emas.

Agar Markaziy Osiyodagi eng kuchli davlat – Oʻzbekiston Rossiya shafeligidagi integratsion tuzilmalarga qaytsa ham, buning sababi Toshkentning Moskvaning “koʻnglini koʻtarish” istagi emas, balki bunday qadam mamlakat manfaatlariga toʻliq mos kelishini anglashi boʻladi. Voqealarning bunday rivoji muqarrar emas, ammo yuz berishi mumkin. Albatta, koʻplab masalalarni, ayniqsa xavfsizlik sohasidagi masalalarni Moskva va Toshkent ikki tomonlama munosabatlar doirasida ham hal etishi mumkin. Biroq iqtisodiyot haqida soʻz borganida, munosabatlar doirasi juda tor va kichik boʻlib qoladigandek tuyuladi… Misol uchun, Oʻzbekiston oʻzi uchun yirik Rossiya bozorini ochish tarafdori. Ammo Rossiya YevroOsiyo iqtisodiy kengashi aʼzosidir. Shu sababli u baʼzi masalalarni iqtisodiy kengashning boshqa aʼzolari bilan maslahatlashmasdan oʻzi hal qila olmaydi. Keling, podadan oldin chang chiqarmaylik. Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev tez-tez va yaqin muloqot qilib turadi. Ishonamanki, ular oʻzaro manfaatli bir qarorga kela oladi.

Samarqanddan Toshkentga tezyurar poyezd deyarli joʻnab ketishidan avval, men Islom Karimovning ish kabinetiga kira olish imkoni borligini bilib qoldim. Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanganidan soʻng, Oʻzbekiston Birinchi Prezidentining ishchi qarorgohini muzeyga aylantirish haqida qaror chiqardi, oʻzi esa vaqtinchalik Senat binosida joylashdi. Kech tushayotganiga qaramasdan, qarorgohni koʻrishga boʻlgan ishtiyoqimni sezib, qabul qiluvchi tomon menga Islom Karimovning ish kabinetini koʻrsatishga harakat qildi. Nihoyat, mening oldimda Toshkent markazidagi Oqsaroy qarorgohi darvozalari ochildi. Toʻgʻri, saroyni toʻla koʻzdan kechirishga muvaffaq boʻlolmadim: Oʻzbekiston Birinchi Prezidentining ortiqcha hashamlardan xoli ish kabinetida ham, uning oʻzbek tilida bemalol gaplasha oladigan yordamchisi Georgiy Kraynov koʻp yillar davomida ishlagan qabulxonada ham ekspozitsiyani montaj qilish ishlari olib borilayotgan ekan.

Ertasiga xuddi shunday voqea Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida sodir boʻldi. Muzey binosiga goʻzallik va nafosatga oshno boʻlish niyatida yaqinlashganimda, eshikdagi “qayta taʼmirlash uchun yopilgan” degan yozuvga duch keldim. Avvaliga biroz ranjidim, ammo keyin aslida omadim kelganini tushundim. Endi mening Toshkentga yana safar qilishimga sabab bor – kelib Islom Karimov memorial majmuasini, sanʼat muzeyini hamda ayni vaqtda Alisher Usmonov tomonidan qurilayotgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham qiyofasini koʻrishim mumkin.

SSSR parchalanganidan keyin oʻtgan chorak asr davomida rossiyaliklar Toshkent non shahri ekanligini unutgani yoʻq, biroq bu “non shahri” ular uchun koʻp jihatdan yopiq edi. Endi esa Toshkent yana barchaga oʻz eshiklarini ochmoqda.

Mixail ROSTOVSKIY

OʻzA