Qonun loyihalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalar o‘z aksini topyapti

Keyingi yillarda parlamentimiz o‘z ish faoliyatini tubdan o‘zgartirdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni ishlab chiqishga qat’iy kirishdi. Parlament mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlarda yanada faol ishtirok etmoqda.
Ayni kunlarda ommaviy axborot vositalarida “Prezidentning siyosiy yo‘li milliy parlamentarizm tizimi rivojining asosidir” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolada ham mamlakatimiz parlamentning vakolati va faoliyatini takomillashtirish yo‘lidagi islohotlar atroflicha tahlil qilingan.
Darhaqiqat, parlamentda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga qo‘llanadigan qonunlarni tayyorlashga jiddiy kirishildi. To‘g‘risini aytganda, ko‘pchilik parlamentning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega qonunlarni ishlab chiqishiga shubha bilan qaragan edi. Parlament buning uddasidan chiqdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari soni o‘rta hisobda qariyb 3,5 baravarga oshdi. Xususan, agar 2016 yilda quyi palata 49 ta qonun loyihasini ko‘rib chiqqan bo‘lsa, 2018 yilda bu raqam 135 tani, joriy yilda esa 172 tani tashkil etdi. O‘tgan davr mobaynida palataga kiritilgan 68 ta qonun loyihalari qayta ishlanib, 60-85 foiz o‘zgartirildi. Bu esa, Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalarining jiddiy qayta ishlanib, maromiga yetkazilayotganidan dalolatdir.
Shu bilan birga, qonun loyihalari sonda emas, balki hajman ham oshib bormoqda. Zero, parlamentda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi, imkon qadar havolalardan holi bo‘lgan qonunlar qabul qilinmoqda. Bu, albatta, aholi manfaatlariga xizmat qilishda muhim omil bo‘ladi.
Valisher DAVLYaTOV, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i.

 

O‘zA