“New Uzbekistan – new elections” seminar-treningida ingliz tili o‘qituvchilari qatnashdi

O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tobora qisqa fursat qolmoqda. Shu bois ayni kunlarda saylov komissiyalarida ish qizg‘in. 
Bu xalqaro matbuot markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limida viloyat va Parlament quyi palatasiga saylov o‘tkazuvchi 125-Qarshi okrug saylov komissiyalari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan “New Uzbekistan – new elections” shiori ostidagi seminar-treningda ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
Unda saylov uchastkalariga ko‘ngilli ravishda biriktirilgan ingliz tili o‘qituvchilari, saylovlarda ishtirok etishi kutilayotgan xorijiy ekspertlar va kuzatuvchilarga gid-tarjimonlik qiladigan volontyorlar ishtirok etdi.
Tadbirda saylov komissiyalari vakillari saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar va muhim siyosiy jarayonga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Muddatidan oldin ovoz berish boshlanganligi e’lon qilinib, buning uchun barcha saylov uchastkalarida zarur shart-sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi.
– Saylov uchastkalari Saylov kodeksida ko‘zda tutilgan talablar asosida jihozlanib, taxt holatga keltirildi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov o‘tkazuvchi 125-Qarshi okrug saylov komissiyasi raisi Botir Shukurov. – Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida bir qancha o‘quv seminarlari, boshqa turdagi tadbirlar tashkil etdik. Hammasi yangi saylovlarni yangicha o‘tkazish uchun shay. Bugungi seminar-treningda saylovlarda ishtirok etishi kutilayotgan xorijiy ekspertlar va kuzatuvchilarga tarjimonlik qiladigan volontyorlarga amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha tushuntirish berdik. Chunki keladigan mehmonlarga qilingan ishlarni boricha ko‘rsatish, saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlarning hayotiy ahamiyatini to‘laqonli ochib berish aynan tarjimonga bog‘liq.
Shundan so‘ng seminar-trening ingliz tilida davom etdi. Saylov komissiyalari, xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi vakillari saylov hamda xorijiy kuzatuvchilarni va sayyohlarni qiziqtiradigan manzillar haqida ma’ruzalar qildi. Ingliz tilida yo‘llangan blis-savollar ishtirokchilarning bilim, ko‘nikma va malakasi oshishiga xizmat qildi.

 

O‘.BAROTOV, O‘zA