Prezidentning siyosiy yo‘li milliy parlamentarizm tizimi rivojining asosidir

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida mamlakatimizdagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, keng ko‘lamli o‘zgarishlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan yo‘limizning asosiy ustuvorliklarini belgilab berdi.

Yangilanayotgan O‘zbekiston odimlari

Davlatimiz rahbari tinchlik va taraqqiyotimizni, barcha o‘zgarishlarning natijalarini Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash bilan bog‘laydi. Shu bois ma’ruzada Bosh Qomusimizda mustahkamlab berilgan prinsip —O‘zbekiston fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ham bevosita, ham o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanligi to‘g‘risidagi qoidaga alohida urg‘u berilgan bo‘lib, bu, o‘z navbatida, xalq vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Deputatlarning xalq vakillari, deb atalmish yuksak rutbadagi asosiy vazifalari o‘z elektoratining manfaatlarini himoya qilishdan, joylarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning qo‘sh qanoti hamda xalq bilan muloqotni amalga oshirishda ishonchli ko‘prik bo‘lishdan iboratdir.

Prezidentimizning nutqi ko‘pchilik uchun o‘z ishini yana bir bor qayta ko‘rib chiqish, tahlil qilish, joriy vazifalarning bajarilish maromi va sifatini bugungi va ertangi kun shiddatlariga hamohang tarzda qayta qurishga katta turtki bo‘ldi. Ayni paytda ularning faoliyati xalqimiz orzu-umidlariga qanchalik mos kelishini aniq belgilab olish imkonini berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi vakolatlari muddati tugashiga ham oz fursat qoldi. Parlament quyi palatasi faoliyatining so‘nggi uch yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan taklif etilgan islohotlar yo‘lini amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq holda kechdi.

Shu o‘rinda haqli savollar tug‘iladi: so‘nggi uch yil ichida mamlakatimiz qonun chiqaruvchi oliy organining o‘rni va roli qay darajada o‘zgardi, uning faoliyatida qanday tizimli o‘zgarishlar, yangilanishlar ro‘y berdi? Mamlakatimiz parlamenti o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qanday natijalar bilan qadam qo‘ymoqda?

Shavkat Mirziyoevning Prezidentlik vakolatlari mamlakatimiz uchun murakkab geosiyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar mavjud bo‘lib turgan bir vaqtda boshlandi. Ko‘plab milliy va xorijiy ekspertlar qayd etganidek, mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan o‘tish davrida O‘zbekistonda haqiqiy bozor mexanizmlarini joriy etishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirishga, eng asosiysi, tom ma’nodagi xalq demokratiyasini qaror toptirishga, jamoatchilikning, fuqarolarning shahdu shijoatini uyg‘otishga juda katta ehtiyoj mavjud edi.

Mamlakatimizning yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni chuqur va har tomonlama biladigan, odamlarning dardu tashvishlarini o‘z qalbidan o‘tkazgan, uzoqni ko‘ra oladigan yangi yetakchisi millatimizga va jahonga O‘zbekistonni qayta qurish hamda taraqqiy ettirishning yangi siyosiy modelini taqdim etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida ijtimoiy hamjihatlikka, amaliy yaratuvchanlik va bunyodkorlik prinsiplariga asoslangan milliy g‘oya shakllantirildi.

O‘zbekiston Prezidenti har tomonlama murakkab sharoitlarda, tobora ko‘payib borayotgan tahdidlarga qarshi o‘z vaqtida samarali yechim topishga muvaffaq bo‘ldi. Qisqa muddat ichida tanlab olingan yo‘limizdagi eng asosiy ko‘zlangan maqsadga erishildi — xalqimiz o‘z Prezidentiga ishondi! Ana shu ishonch bilan uning siyosiy yo‘lini ro‘yobga chiqarishda faol ishtirokchiga aylandi!

So‘nggi uch yilda mamlakatimizda qo‘lga kiritilgan barcha yutuqlarni, erishilgan marralarni tahlil qilar ekanmiz, biz komil ishonch bilan “O‘zbekiston Prezidenti tanlagan yangi siyosiy yo‘l zafar qozondi”, deb ayta olamiz. Biz bugunning o‘zidayoq O‘zbekistondagi siyosiy tanlovning, shakllantirilgan barqaror, samarali siyosiy tizimning qanchalik to‘g‘ri ekanligini to‘liq e’tirof etishga haqlimiz.

Shunisi diqqatga sazovorki, davlatimiz rahbari islohotlarning ilk davridanoq mamlakatimiz siyosiy tizimining bir bo‘lagini tashkil etuvchi hokimiyat vakillik organlari ishiga katta e’tibor qaratib, deputatlarni xalqning haqiqiy vakillari, uning xohish-irodasi va manfaatlarining tom ma’nodagi ifodachisi sifatida e’tirof etgan holda, ular bilan uzluksiz muloqotda bo‘lib kelmoqda.

Chunonchi, turli darajadagi deputatlar bilan bo‘lib o‘tgan ana shunday muloqotlar, uchrashuvlarda davlatimiz yetakchisi tomonidan ilgari surilgan Yangi siyosiy yo‘l, uni mamlakatimiz ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotining turli sohalarida samarali amalga oshirish vositalari batafsil muhokama qilindi.

Shu o‘rinda 2017 yilning 12 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalari a’zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan, mamlakatimiz siyosiy hayotida g‘oyat muhimligi bilan tariximiz sahifalaridan o‘rin olgan uchrashuvini alohida ta’kidlab o‘tish joizdir.

O‘zbekiston Prezidentining mazkur uchrashuvdagi dasturiy ma’ruzasida parlamentimiz va hokimiyat vakillik organlari uchun yangi siyosiy yo‘l belgilab berildi. Xususan, xalq bilan, xalqning o‘zi tanlagan qonuniy vakillari bilan muloqotning tubdan yangi mexanizmi taklif etildi.

2017 yildan e’tiboran yangi demokratik institut — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaat bilan chiqish instituti joriy qilindi. Ushbu teran siyosiy va yuridik mazmun-mohiyatga ega bo‘lgan muhim institut parlamentning mamlakat hayotidagi roli va o‘rnini chinakamiga oshirish, O‘zbekistonni rivojlantirishning yangi siyosiy yo‘lidagi muhim ustuvorliklar va vazifalar bo‘yicha ijtimoiy hamjihatlikni ta’minlash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlisga har yili yo‘llaydigan ana shu Murojaatnomalarida belgilangan vazifalar milliy parlamentimizning, butun deputatlar korpusining faoliyatini tubdan modernizatsiya qilishning asosiy negiziga aylandi.

Ushbu vazifalarga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati sohasidagi ishlar qisqa muddatda qayta ko‘rib chiqilib, sifat jihatidan yangi shakl va usullar joriy etildi.

Birinchidan, joylarda parlament nazoratini amalga oshirish, deputatlarning saylov okruglaridagi saylovchilar bilan hamkorligining shakllari va usullari, ijro etuvchi hokimiyat organlariga mavjud muammolarni hal etishda ko‘maklashish, hududlarda ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish mexanizmlari o‘zgartirildi.

Ta’kidlash joizki, 2017-2018 yillarning o‘zida respublikamizning 137 ta tuman va shahridagi haqiqiy holat bevosita joylarga chiqib o‘rganildi. Shu asnoda ko‘plab tahliliy va amaliy hujjatlar to‘planib, mazkur hujjatlar asosida mahalliy davlat hokimiyati hududiy organlarining faoliyati tanqidiy jihatdan ko‘rib chiqildi.

Fuqarolarni tashvishlantirayotgan muammolarni, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni aniqlash uchun xonadonma-xonadon, uyma-uy yurilib, 400 ming nafardan ziyod fuqarolar hamda 14 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Ikkinchidan, deputatlar korpusi qonun ijodkorligi faoliyatining natijadorligi oshdi.

Agar 2016 yil mobaynida deputatlar tashabbusi bilan jami 11 ta qonun kiritilgan bo‘lsa, 2017 yil mobaynida bu ko‘rsatkich 27 tani tashkil etib, 2,5 baravar o‘sdi. Keyingi yillarda ham shunday o‘sish kuzatildi.

Uchinchidan, parlament faoliyatining asosiy yo‘nalishlari samaradorligini oshirishni ta’minlash maqsadida uning yangi tuzilmaviy bo‘linmalari tashkil etildi.

Masalan, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil qilindi. Ushbu institut faoliyati parlament ishini axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash sifatini oshirishga, uning ishi samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha yangi ilg‘or uslubiyot va texnologiyalarni joriy etish uchun ko‘maklashishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Parlament tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatning ko‘p qirraliligi inobatga olingan holda, Qonunchilik palatasida Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalari tashkil etildi.

Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha komissiya, shuningdek, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etilib, ular faoliyati samarali yo‘lga qo‘yildi.

To‘rtinchidan, axborot maydonida deputatlar faoliyati sezilarli darajada faollashdi, jamoatchilikni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida xabardor etish borasida ularning roli keskin oshdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifalardan foydalanilishi, Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytidagi barcha fuqarolar uchun ochiq bo‘lgan “deputatning virtual qabulxonasi” xizmati xalq vakillarining barcha saylovchilar bilan munosabati sifati va tezkorligini, ular faoliyatining shaffofligi hamda hisobdorligi darajasini jiddiy tarzda oshirdi.

Hozirgi vaqtda aynan deputatlar odamlarni bezovta qilayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha jamoatchilik bilan olib borilayotgan faol muloqotning tashabbuskori bo‘lmoqda. Qisqa muddat ichida deputatlar o‘zlarining ko‘plab dadil va ochiq chiqishlari bilan jamiyatda obro‘-e’tibor, hurmat qozonishga muvaffaq bo‘ldilar. Parlament tomonidan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini, ularni amalda qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlarini aholining turli qatlamlariga tushuntirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Beshinchidan, parlament nazoratini yuritishning yangi shakli — hukumatning har choraklik hisobotini eshitish deputatlar faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Qabul qilingan qonunlarning, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy taraqqiyotimiz bobidagi vazifalarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan sifatli, o‘z vaqtida bajarilishi borasidagi parlament monitoringi milliy qonunchiligimizni, parlamentning nazorat faoliyatini rivojlantirishning istiqbolli rejalarini shakllantirish negiziga, jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashning muhim omiliga aylandi.

Mamlakatimiz parlamenti faoliyatini modernizatsiya qilishning mana shu va boshqa chora-tadbirlari O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishdagi uning rolini sezilarli darajada kuchaytirdi. Oliy Majlis deputatlarining mazkur hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirishdagi faol ishtiroki parlamentga xalq xohish-irodasining to‘la huquqli ifodachisi sifatida saylovchilarning o‘zi muallif va g‘oyaviy tashabbuskor bo‘lgan muhim loyihalarni ilgari surish hamda ro‘yobga chiqarish imkonini bermoqda.

Shu asosda parlamentimiz, mahalliy hokimiyat vakillik organlari Prezidentning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan shiorini amalga tatbiq etmoqda. Bu shior milliy qonunchiligimizning butun tizimini modernizatsiyalash jarayonida to‘liq o‘z ifodasini topmoqda. Keyingi uch yil ichida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda davlat apparati ishining xalq oldida hisob berish, odamlarni qiynayotgan, tashvishlantirayotgan muammolarni hal etishga e’tibor qaratish kabi ustuvorliklari bevosita o‘z ifodasini topgan.

Milliy qonunchiligimiz tizimini insonparvarlik g‘oyalari bilan uyg‘unlashtirish, oddiy odamlarning manfaatlarini davlat organlarining idoraviy manfaatlaridan ustun qo‘yish, davlat apparatini aholi, fuqarolik jamiyati institutlari bilan amaliy muloqotning faol sub’ektiga aylantirish borasidagi tashabbuslar aynan O‘zbekiston Prezidenti siyosiy irodasining mahsulidir.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik tahlili ushbu hujjatlarda nafaqat qoidalarni yuridik bayon etish uslubi, balki normativ tashabbuslarni shakllantirish prinsiplari ham tubdan o‘zgarganligini ko‘rsatmoqda. Ekspertlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmon va qarorlarining tili zamonaviy normativ-huquqiy hujjatlarning eng ilg‘or namunasi ekanligini ta’kidlamoqda. Barcha qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar oddiy fuqaroga tushunarli tarzda aniq, ravon yozilgan bo‘lib, ularda ilgari surilayotgan barcha maqsad-vazifalar yaqqol ko‘rsatib berilgan, belgilangan har bir muammoning yechimi bajarilishi talab etiladigan tegishli chora-tadbirlar majmui bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Bunday yondashuvlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ham kuzatishimiz mumkin. Shu bois keyingi vaqtlarda qabul qilinayotgan qonunlarning sifati keskin oshdi. Bunda qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari ishini yo‘lga qo‘yishning yangi usullari joriy etilishi, tartibga soluvchi qoidalar ta’sirchanligi, samaradorligini baholash yuzasidan kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi, ekspertlar va jamoatchilikning fikr-mulohazalarini to‘liq hisobga olish tizimi shakllantirilgani muhim omil bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining Yangi siyosiy yo‘li nafaqat qonun ijodkorligiga, balki deputatlik faoliyatiga ham yangicha mazmun-mohiyat baxsh etdi. Deputatlarning o‘z saylov okruglaridagi faoliyati shakl-shamoyilini o‘zgartirish, ularning saylovchilar bilan doimiy muloqot o‘rnatish mexanizmlarini takomillashtirish borasida aynan Prezidentimiz tomonidan ilgari surilib, amalga oshirilgan tashabbuslar parlamentimizga yurtdoshlarimizni tashvishlantirayotgan muammolarni chuqur o‘rganish, xalq va davlat institutlari o‘rtasida ko‘prik bo‘lish, saylovchilarning manfaatlarini to‘laroq ifodalash imkonini berdi.

Deputatlarning har oy o‘n kun davomida bevosita saylov okruglarida ishlashi natijasida xalq noiblari o‘z saylovchilarining ehtiyojlari va muammolari to‘g‘risida axborot olishini ta’minlovchi barqaror mexanizm shakllandi. Shuningdek, ikki tomonlama hisobdorlik tizimi yaratildi.

Joylarda amalga oshirilgan faoliyat doirasida tegishli hududlardagi tadbirkorlik sub’ektlariga jiddiy, tashkiliy-texnik yordam ko‘rsatildi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ishi ham yangi mazmun-mohiyat bilan boyidi. Parlament a’zolari bu Kengashlarning ishida doimiy asosda ishtirok eta boshladilar. Mahalliy va respublika darajasidagi deputatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan uzoq yillar davomida o‘z yechimini topmay kelayotgan ko‘plab masalalar tezkor ravishda hal etilmoqda.

Shuni alohida qayd etish kerakki, mamlakatimiz rahbarining davlat hokimiyati turli tarmoqlarining o‘zaro bir-birini tiyib turish hamda muvozanatini saqlash mexanizmlari tizimida parlamentning rolini oshirishga qaratilgan tashabbuslari alohida e’tibor va e’tirofga loyiqdir. Natijada Oliy Majlisning faoliyatiga hukumat ishi ustidan parlament nazoratining muhim turi — muntazam ravishda o‘tkaziladigan “hukumat soati” joriy etildi.

Hukumat a’zolarining nomzodlarini tasdiqlash borasida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tajriba Oliy Majlisning nazorat qilish vakolatlarini kengaytirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Hisobdorlikning bunday shakllarini joriy etish hukumatning ochiqligini va mas’uliyatini, fuqarolarning davlat institutlari faoliyatidan xabardorlik darajasini tubdan oshirdi.

Parlament o‘zining barcha sa’y-harakati va imkoniyatini ishga solib, milliy iqtisodiyotimiz va jamiyatimiz hayoti uchun eng muhim bo‘lgan ko‘plab tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Deputatlarning qishloq xo‘jaligi sektori samaradorligini oshirish, xususan, suvni tejash tizimini joriy etish, bo‘sh turgan ko‘chmas mulk ob’ektlaridan foydalanishni maqbullashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida hamda boshqa ishlarda faol ishtirok etgani yaxshi samara berdi.

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida parlament Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, ochiq, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi hamkorlikka qaratilgan, Vatanimiz milliy manfaatlarini himoya qilishga hamda ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy yo‘lning faol ishtirokchisiga aylandi.

Mamlakatimiz parlamenti samarali xalqaro aloqalar siyosatini amalga oshira borib, qisqa muddat ichida ko‘plab nufuzli parlamentlararo birlashmalarning faol ishtirokchisiga aylandi. Parlamentlararo Ittifoq, MDHga a’zo mamlakatlarning Parlamentlararo Assambleyasi shular jumlasidan bo‘lib, O‘zbekiston parlamenti a’zolari mazkur tashkilotlar rahbarlik tuzilmalaridagi yuqori lavozimlarga tayinlandilar. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi 2017 yildan e’tiboran o‘zining YeXHT Parlamentlararo Assambleyasidagi ishtirokini qayta tikladi.

Parlamentimiz tashqi siyosat borasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar — Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, dunyoning yetakchi davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan strategik sheriklikning ko‘p qirrali tizimini shakllantirish, respublikamiz hududidan tashqaridagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilishni ta’minlash sohalarida faol ishtirok etmoqda.

Hozirgi vaqtda Oliy Majlis xalqaro aloqalarining keng ko‘lamli dasturi mamlakatimiz tashqi siyosiy yo‘lining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini ham ikki tomonlama shartnomalar yo‘nalishi bo‘yicha, ham xalqaro parlamentlar tuzilmalari faoliyati doirasida dadil ilgari surish imkonini bermoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar parlamentimiz oldiga yangi mas’uliyat yukladi.

Davlatimiz rahbari qonun ijodkorligi faoliyatini hamda huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash sohasidagi o‘zaro chambarchas bog‘liq kompleks vazifalarni belgilab berdi.

Ma’ruzada o‘z aksini topgan muhim g‘oya shundan iboratki, davlatning huquq sohasidagi siyosati tizimlilikka, davlat va jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hayotida kechayotgan haqiqiy jarayonlarni chuqur anglashga asoslanishi lozim.

Davlatimiz rahbari qabul qilinayotgan qonunlar amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang bo‘lgandagina ishlashini ta’kidlagani bejiz emas.

Vaholanki, bu parlamentimiz, eng avvalo, uning quyi palatasi kelgusi davrda hal etishi kerak bo‘lgan muhim vazifalardan biridir. Sir emaski, bugun faoliyatning bir sohasida qabul qilinayotgan qonunlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning boshqa jabhasida chiqarilayotgan qonun hujjatlariga har doim ham mos kelavermaydi. Bundan tashqari, qonunlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga samarali ta’sirini baholashning ta’sirchan tizimini yaratish borasida ham ko‘p ishlar amalga oshirilishi kerak.

Qonunlar nafaqat tizimli asosda qabul qilinishi, balki xuddi shunday ijro etilishi zarurligi ham Prezidentimiz tomonidan alohida qayd etildi. Shu sababli, qabul qilinayotgan qonunlarni aholi keng qatlamlariga yetkazish, ularning ijrosi va qo‘llanilishi ustidan qat’iy parlament nazoratini amalga oshirishga jiddiy e’tibor qaratish talab etiladi.

Endilikda fuqarolarning, butun jamiyatning huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirish yuzasidan deputatlar korpusining ishini sezilarli darajada kuchaytirish zarur, chunki busiz jamiyatda qonun ustuvorligini, izchil demokratik islohotlar amalga oshirilishini ta’minlash mushkul.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat, huquqiy ong va madaniyat har bir fuqaro uchun hayotiy qoidaga, har bir mansabdor shaxs faoliyatini baholash mezoniga aylanishi kerak.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qo‘yilgan mana shu va boshqa qator maqsadli vazifalarni ado etish, davlatning butun huquqiy tizimi ta’sirchanligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda Konstitutsiyamizning normalari, eng avvalo, uning asosiy prinsiplari va qoidalari fundamental baza, muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilishi zarur.

Prezidentimiz mamlakatimiz qonunchiligida, huquqni qo‘llash amaliyotida xalq hokimiyatchiligi, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi, mulk huquqining daxlsizligi, vijdon va diniy e’tiqod erkinligi kabi prinsiplar o‘ta muhimligini ta’kidlab, ularni amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Shu munosabat bilan parlament kelgusida jinoyatga oid siyosatni yanada insonparvarlashtirish, davlatimiz rahbari tashabbusi asosida jinoyat sudlov ishlarini yuritishda qonuniylikni ta’minlash, xususan, advokatura institutining fuqarolar huquqlarini himoya qilishdagi rolini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini tayyorlash ishlarida bevosita ishtirok etishi lozim bo‘ladi.

Ma’ruzada Inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi milliy strategiyani, Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifalari ilgari surildi.

Ta’lim sohasida va umuman, jamiyatda huquqiy madaniyatni rivojlantirish dasturi eng muhim hujjatlardan biri bo‘lishiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning so‘zsiz ijro etilishi ustidan ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini hamda boshqa keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.

Ishonchimiz komilki, xalq saylagan vakillar orqali fuqarolar manfaatlarini ifodalovchi haqiqiy demokratik organ sifatida shakllangan, davlat hokimiyati organlari tizimida munosib o‘rin egallagan, mamlakatda amalga oshirilayotgan ulkan va keng ko‘lamli islohotlarga jalb etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi kelgusida ham davlatimiz rahbarining xalqimiz farovonligi, beqiyos Vatanimizning gullab-yashnashiga qaratilgan Yangi siyosiy yo‘lining faol ishtirokchisi va davomchisi bo‘lib qoladi.

Nurdinjon ISMOILOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri

 

O’zA