Davlat aktivlarini samarali boshqarish masalalari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-dekabr kuni davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish natijadorligi va bu yoʻnalishdagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish maqsadi ham belgilangan edi. Shunga muvofiq, joriy yil 14-yanvarda Prezidentimizning “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Oʻtgan qariyb bir yil mobaynida korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini samarali boshqarish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda 2819 ta davlat ishtirokidagi korxonalar mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlagani sababli hatto dividend toʻlay olmaydi.

Prezident bu holatni jiddiy tanqid qildi.

– Davlat ishtirokini hech zarurat boʻlmagan sohalarda ham saqlab turibmiz. Davlat korxonalarini boshqarish, faoliyati samarasini oshirish, ularning funksiyalarini xususiy sektorga berish boʻyicha hali sezilarli oʻzgarishlar boʻlmadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, yigʻilishda 2020-yilda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish boʻyicha yangi vazifalar belgilandi.

Avvalo, bunday korxonalarni isloh qilish yoki tugatish, saqlash yoki xususiy sektorga berish masalasini oʻrganish boʻyicha Bosh vazir, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari boshchiligida ishchi guruhlar tashkil etildi.

Jumladan, axborot texnologiyalari sohasidagi 140 ta korxona, hududlardagi kommunal, qurilish va xizmat koʻrsatish subyektlariga tegishli 1573 ta, geologiya, metallurgiya, moliya tashkilotlari boʻyicha 137 ta, yengil sanoat, mashinasozlik va elektrotexnika tarmoqlaridagi 49 ta, ijtimoiy soha, turizm va farmatsevtika yoʻnalishidagi 449 ta, kimyo, neft-gaz, energetika sohasidagi 42 ta, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻidagi 330 ta, sanoat zonalaridagi 99 ta korxona boʻyicha alohida ishchi guruhlar tuzilib, ularning har biriga moliya vaziri oʻrinbosarlari biriktirildi.

Ishchi guruhlarga bir oy muddatda har bir korxonani toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularning rentabelligi, hozirgi quvvati va istiqbolini tahlil qilgan holda, 2020-yilga moʻljallangan aniq reja va takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Koʻplab kompaniyalarimiz moliyaviy hisobot yuritish, ichki nazorat va audit oʻtkazish, boshqaruvga mustaqil aʼzolarni kiritish kabi masalalarda oqsayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Mutasaddilarga mazkur kompaniyalarda korporativ boshqaruvni keng joriy etish, bazaviy sohalardagi 32 ta yirik korxonani isloh qilishni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari – KPI (Key Performance Indicators) har bir korxonada ishlab chiqilishi va muntazam nazorat qilinishi lozimligi taʼkidlandi.
Davlat ulushi boʻyicha dividendlar hisoblanishi va byudjetga oʻtkazilishini nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.

Transport vazirligida Loyiha ofisi tuzib, ushbu sohadagi korxonalarga xususiy sektorni jalb etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Xususiylashtirishga oid yondashuvlarni tubdan yangilash, xalqaro ekspertlarni jalb etib, bu borada bozor iqtisodiyotiga xos va mos tizimga oʻtish zarurligi taʼkidlandi.

Xususiylashtirish va korporativ boshqaruv boʻyicha mutaxassislar tayyorlash hamda malakasini oshirish, davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlarini shu borada oʻqitish muhimligi qayd etildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

OʻzА