Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi yakunlari boʻyicha brifingdagi bayonoti

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!
 
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, sizlarni, bugun Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan tarixiy anjumanni – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini yoritish maqsadida toʻplangan ommaviy axborot vositalari vakillarini samimiy qutlashdan mamnunman.
Ushbu formatdagi doimiy muloqotlarni oʻtkazish tashabbusi hurmatli hamkasblarim – mintaqa yetakchilarining faol qoʻllab-quvvatlashi bilan amalga oshmoqda.
Shu munosabat bilan 1998-yili Ashxabod shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitining tarixiy ahamiyatini hamda 2018-yilda Nur-Sulton shahridagi Maslahat uchrashuvining samarali natijalarini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman.
Bugungi samimiy muzokaralarimiz ham anʼanaviy doʻstlik va oʻzaro anglashuv ruhida oʻtdi.
Uchrashuvlar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mintaqada ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhitini yanada mustahkamlashga boʻlgan intilishi va qatʼiy siyosiy irodasining yaqqol ifodasi boʻldi.
Biz oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildik. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish yoʻlida butunlay hamfikr ekanimizni yana bir bor tasdiqladik.
Uchrashuv dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha bizning qarash va yondashuvlarimiz oʻzaro juda yaqin ekanini namoyish etdi.
Mintaqaning mavjud ulkan iqtisodiy salohiyatidan foydalangan holda, ustuvor sohalarda muloqot va sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldik.
Biz davlatlarimiz oʻrtasidagi savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiramiz.
Energetika infratuzilmalarini modernizatsiya qilish va mintaqaning tranzit imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yirik loyihalarni roʻyobga chiqarish niyatidamiz.
Iqtisodiy va transport koridorlarining samarali mintaqaviy tizimini yaratish borasida faol hamkorligimiz bundan keyin ham davom etadi.
Suv resurslaridan birgalikda foydalanish, iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish, ekologik xatarlarga qarshi kurashish masalalari boʻyicha ham batafsil fikr almashdik.
Biz innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” prinsiplarini joriy etish, choʻllanishning oldini olish orqali Orolboʻyi muammolarini yechishdagi saʼy-harakatlarimizni muvofiqlashtirib boramiz.
Mamlakatlarimiz mintaqalari oʻrtasida faol muloqotni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ilm-fan, taʼlim, turizm, madaniyat va sport sohalarida qoʻshma tadbirlarni muntazam oʻtkazib borishga kelishib oldik.
Biz Markaziy Osiyo xalqlarini birlashtirib turadigan umumiy qadriyat va anʼanalarni asrab-avaylash, keng targʻib qilish boʻyicha qoʻshma dasturlarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanimizni bayon etdik.
Muzokaralar chogʻida mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash uchun koʻp tomonlama hamkorlik masalalariga ayniqsa jiddiy eʼtibor qaratildi. Jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Biz Afgʻoniston mojarosini tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarni faollashtirish tarafdorimiz. Birodar afgʻon xalqiga amaliy yordam koʻrsatishni, yon qoʻshnimiz boʻlgan ushbu mamlakatda bevosita ular ishtirokida qoʻshma infratuzilma loyihalarini va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surishni bundan keyin ham jadal davom ettiramiz.
Bu chora-tadbirlar Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, tinchlik jarayonlarini taʼminlash, iqtisodiyotni qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlar yaratishiga ishonamiz.
Mintaqamiz davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi format́idagi har yil oʻtkaziladigan sammitlar gʻoyatda muhim ekanini barchamiz qatʼiy maʼqulladik.
Uchrashuvlarimiz hamkorligimizning eng dolzarb masalalarini ochiqlik va oʻzaro ishonch asosida muhokama qilish uchun samarali muloqot maydoni boʻlishini yana bir bor tasdiqladi.
Sammit yakunida munosabatlarimiz natijadorligiga xizmat qiladigan muhim hujjatlar qabul qilindi.
Bu oʻrinda, avvalo, Qoʻshma bayonot haqida toʻxtalishni istar edim. Mazkur hujjat bizning mintaqaviy hamkorligimizni har tomonlama chuqurlashtirish, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy siyosiy irodamizni yana bir bor tasdiqladi.
Biz Maslahat uchrashuvlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish Reglamentini maʼqulladik. Ushbu hujjat sammitlarga puxta hozirlik koʻrish, ularni tizimli ravishda oʻtkazish, kelishilgan va oʻzaro manfaatli qarorlar qabul qilishga asos boʻlib xizmat qiladi.
Biz Turkmaniston Prezidentining taklifini toʻla qoʻllab-quvvatladik va oqsoqolimiz, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Abishevich Nazarboyevni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvining faxriy raisi etib sayladik.
Eʼtiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formati qandaydir yangi mintaqaviy tashkilot tuzish haqida gapirishga asos boʻla olmaydi.
Hurmatli jurnalistlar!
Xonimlar va janoblar!
Markaziy Osiyo – asrlar davomida qondosh xalqlar tinch va totuv yashab kelayotgan jahondagi kam sonli mintaqalardan biridir.
Bizni mushtarak tarix va madaniyat, yagona muqaddas din, oʻxshash mentalitet, maʼnaviy-axloqiy qadriyat va anʼanalar hamda ajralmas doʻstlik chambarchas bogʻlab turadi.
Bularning barchasi xalqlarimiz farovonligi va ravnaqi yoʻlida Markaziy Osiyo davlatlari salohiyatini birlashtirishga qaratilgan oʻzaro manfaatli hamkorligimiz uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Soʻzimning yakunida shuni aytishni istardimki, biz oliy darajadagi mintaqaviy muloqotni rivojlantirishning sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichiga koʻtarildik.
Hech shubhasiz, birgalikdagi intilishlarimiz bilan oldimizda turgan barcha maqsadlarga albatta erishamiz. Markaziy Osiyoni xavfsiz va barqaror taraqqiyot mintaqasiga, koʻpqirrali sheriklik makoniga aylantiramiz.
Biz navbatdagi Maslahat uchrashuvimizni kelgusi yili Qirgʻizistonning goʻzal Bishkek shahrida oʻtkazishga kelishib oldik.
Eʼtiborlaringiz uchun rahmat.

 

OʻzА