Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi ishtirokchilari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston Respublikasi Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kunning ikkinchi yarmida Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuiga tashrif buyurdi.
Buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligining asoschisi, tinchlikparvar va xalqparvar rahbar sifatida katta hurmat qozongan edi. U kishi koʻp yillar faoliyat olib borgan “Oqsaroy” qarorgohi bugun Birinchi Prezidentimiz nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuiga aylantirilgan.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qoʻyib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.