Toshkentda o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi doirasida 29 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboev bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboevni O‘zbekistonga tashrifi bilan samimiy qutlab, unga O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari yetakchilari uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi an’anaviy yaqin munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, aniq amaliy mazmun bilan boyidi.
Elboshi Nursulton Nazarboev, o‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ilk bor 2018 yil Ostona (ayni paytda – Nur-Sulton) shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda hamda sheriklikning amaliy loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydon bo‘lmoqda.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid, shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.