Turkmaniston Prezidentining Oʻzbekistonga amaliy tashrifi 28-noyabr kuni ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi bilan boshlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini koʻrib chiqdilar va ularni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muzokaralar chogʻida amaliy hamkorlik masalalariga, jumladan, oʻzaro savdoni koʻpaytirish, mashinasozlik, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hududlar oʻrtasida, shuningdek, madaniy-gumanitar sohada faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Toshkentda oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi xususida yakdil fikr bildirdilar.