Qariyb 46 trillion so‘m mablag‘ ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga sarflandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha qo‘mitalarning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Vazirlar Mahkamasining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2019 yil 9 oylik ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.
Hisobot davrida xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilgani saqlab qolindi. Davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash, sanoat va xizmatlar ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish hisobiga mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlash, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, Prezident va hukumat tomonidan belgilangan vazifalarni bajarish Davlat byudjeti ijrosining ustuvor yo‘nalishlari bo‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti qariyb 361,8 trillion so‘mni tashkil etgan holda, o‘tgan yilga nisbatan 5,7 foizga o‘sdi. Mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 31 milliard 645,8 million AQSh dollarini tashkil etdi.
2019 yil 9 oyligida Davlat byudjeti daromadlari 79 trillion 159,5 milliard so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 46,2 foizga o‘sdi. O‘z navbatida, Davlat byudjeti daromadlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,9 foizga yetdi.
Davlat byudjetining o‘tgan 9 oyligi yakuni bo‘yicha xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 86 trillion 482,4 milliard so‘mni yoki YaIMga nisbatan 23,9 foizni tashkil etdi. Ta’kidlash joizki, Davlat byudjeti umumiy xarajatlarining qariyb 53,2 foizi, ya’ni 45 trillion 970,9 milliard so‘mi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflandi.
Xususan, ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 24 trillion 193,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uning turmush farovonligini oshirish xarajatlariga (nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari) 3 trillion 451,5 milliard so‘m miqdorda mablag‘ ajratildi.
Sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 10 trillion 568,8 milliard so‘mni tashkil etdi.
Deputatlar ko‘zda tutilgan har bir vazifa va topshiriqning o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan holda, bu borada ijro mas’uliyatini yanada kuchaytirish lozimligini qayd etdilar.
Qizg‘in bahs-munozaradan so‘ng ushbu masala yuzasidan qo‘mitalarning tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA