Yana bir fuqaro oʻyin orqali yutgan “Neksiya 3” avtomashinasini ololmay sarson boʻldi

Bugun turli aksiyalarda yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan yurtdoshlarimizni koʻrib, havas qilib qolamiz, “Omadini bersin”, deb quvonchiga sherik boʻlamiz. Ammo oʻtkazilayotgan turli aksiya oʻyinlarida “oʻyin”lar ham uchrab turibdi…
Samarqand shahrida yashovchi yurtdoshimiz Doniyor Zubaydov avgust oyida shahardagi “Samsung” doʻkonidan HUAWEI smartfonini xarid qilgan.
Doʻkonda “UNIQUE MARKETING GROUP” MCHJ tomonidan aksiya oʻtkazilayotgan boʻlib, xaridor koʻpon toʻldirgan.
15 kundan soʻng Doniyorga qoʻngʻiroq qilishib, Neksiya 3 rusumli avtomashina yutgani toʻgʻrisida xabar berishgan.
20-sentyabrda “Zoʻr” TV kanalida chiqishini aytishgan. Oradan vaqt oʻtishiga qaramay, ushbu yurtdoshimizga aksiyadan yutgan avtomobili berilmagan.
Bundan norozi boʻlgan fuqaro Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Federatsiyaga murojaat qilishga majbur boʻlgan.
Federatsiya mutasaddilari bu kabi koʻzboʻyamachiliklarga befarq qarab tura olishmaydi. Har bir isteʼmolchining murojaati eʼtibordan chetda emas. Qilingan saʼy-harakatlar natijasida yurtdoshimizga Neksiya 3 avtomashinasi tezkorlik bilan olib berildi.

 

OʻzA