Nukusda Yevropa filmlari namoyish etilmoqda

Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida VII Yevropa kinosi festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi bilan birga Oʻzbekiston Elektron Ommaviy Axborot vositalari Milliy Assotsiasiyasining (EOAVMA) koʻmagida tashkil etilgan festival doirasida mamlakatimizning Toshkent, Nukus, Urganch va Jizzax shaharlaridagi katta ekranlarda Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Italiya, Latviya, Gollandiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvetsiyaning taniqli rejissyorlari tomonidan yaratilgan filmlar namoyish etiladi.
– Yevropa kinosi festivalining “Orolboʻyi-ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” xalqaro konferensiya kunlarida oʻtayotganligi bilan ahamiyatli, –deydi “Qoraqalpoqkino” agentligi direktori Bektileoʻ Nizamatdinov.– Orolboʻyi kino ixlosmandlari “Jannat 89” badiiy filmi, “Kichik fermer” dramasi va “Belgiyaliklar Qiroli” komediya janrida suratga olingan dramasi, “Qovoqchaning hayoti” va “Qishdagi Luiza” multfilmlarini tomosha qilishlari mumkin.
Barcha filmlar rus va oʻzbek tilidagi subtitrlar bilan asliyat tilida bepul namoyish etilmoqda.

 

Dovud Aabibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA