Saylov – 2019 
Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati saylovini o‘tkazuvchi 150 ta okrug saylov komissiyasi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar saylov komissiyalari raislari va kotiblari uchun seminar tashkil etildi.
“Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar!” shiori ostida o‘tadigan muhim siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish, ularni ro‘yxatga olish – saylov kampaniyasining muhim bir jarayoni bo‘lib, buni qonuniy, adolatli, xolis va yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish saylovchilarning munosib nomzodlarni tanlab ovoz berishi uchun katta ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilgi saylovlar ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladi. Kodeksdan saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof o‘tkazishga xizmat qiladigan o‘ttizdan ortiq yangi norma va qoidalar joy olib, ilgari amalda bo‘lgan ko‘plab cheklovlar chiqarib tashlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 37-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga faqat va faqat siyosiy partiyalar ega bo‘ldi.
Saylov Kodeksining 9-moddasiga muvofiq saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p chetga chiqishi, qoida tariqasida, 10 foizdan oshmasligi kerakligi belgilandi. Avvalgi qonunchilikda bu miqdorning chegarasi belgilanmagan edi. Xuddi shunday yana bir yangilik: endilikda Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda o‘tkazilgan taqdirda okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuziladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari 9-11 nafar tarkibda saylovga kamida 70 kun qolganida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tavsiya etiladi. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 150 ta hududiy saylov okrugi tuziladi.
Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining ma’muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda qoida tariqasida O‘zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, yetakchi oliy ta’lim o‘quv yurtlari, Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari va sohaning boshqa ta’lim, ilmiy, amaliy, tadqiqot muassasalari olimlari, ekspertlari va amaliyotchilari bilan hamkorlikda seminar-treninglar dasturlari ishlab chiqilgani, bunda an’anaviy ma’ruzabozlikdan voz kechilib, asosiy e’tibor amaliy ko‘nikmalarni oshirishga qaratilayotgani haqida aytib o‘tildi.
Shu kunga qadar saylov komissiyalarining 51 mingga yaqin rais, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar uch kunlik kurslarda o‘qitilgan. Ayni kunlarda seminar-treninglarning navbatdagi bosqichi davom etmoqda. O‘qishlarga saylov komissiyalarining 30 mingdan ko‘proq a’zosi jalb etilgan. Saylov kunigacha jami 180 mingga yaqin kishi tizimli ravishda o‘qitilishi nazarda tutilgan.
Tadbirda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYaER) haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati 18 yoshga to‘lgan, doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatda turuvchi, muomalaga layoqatli O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (20 milliondan ziyod fuqaro) haqidagi ma’lumotlarni jamlagan davlat axborot resursi hisoblanadi. SYaERda bir saylovchining ikki marta ovoz berish holatlarining oldini olish, saylov uchastkalariga tegishliligi bo‘yicha, ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr raqamlariga bog‘lagan holda, saylovchilar ro‘yxati shakllantirilganligi kabilar ta’minlanadi.
– Bu yilgi saylovlarga zamonaviy axborot texnologiyalarining joriy etilayotganligi nafaqat saylov ishtirokchilarining ishini osonlashtiradi, balki saylovchilar uchun ham keng imkoniyatlarni yaratadi, – deydi Xorazm viloyati okrug saylov komissiyasi raisi Madiyor Bobojonov. – Xususan, saylovchilarning elektron ro‘yxatini shakllantirish orqali ovoz berishda qatnashuvchi fuqarolar, ularning saylov uchastkalariga tegishli ma’lumotlari bilan tanishish mumkin. “Saylov – 2019” mobil ilovasining yaratilgani undan joy olgan normativ-huquqiy hujjatlar, o‘quv materiallari, savol-javoblar, testlar, barcha audio va video materiallardan foydalanish uchun katta imkoniyatdir. Ilova qulay va tezkor zarur axborotni olish imkoniyatini beradi. O‘z navbatida, fuqarolarimiz, saylovchilarimizning siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirishga hissa qo‘shadi.
Shuningdek, yig‘ilishda, uchastka saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish, deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish, saylov komissiyalari faoliyatini moliyalashtirish, Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish tartibi, saylovoldi tashviqotini tashkil etish va o‘tkazish, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar bilan ishlash kabi masalalar haqida atroflicha ma’ruzalar tinglandi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA