Futbol xabarlari

225

Italiya kubogining nimchorak finalida “Roma” o‘z maydonida “Sampdoriya”ni qabul qildi va 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Uchrashuvda Artyom Dovbik dubl qayd etgan bo‘lsa, Tommazo Baldansi hisobni yiriklashtirdi. Yepes esa “Sampdoriya”ning yagona goliga mualliflik qildi. Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov 78-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, “Roma”ning 4-golini boshi bilan raqib darvozasiga kiritdi.

Endi “Roma” 5-26 fevral kunlari musobaqaning chorak finalida “Milan”ga qarshi maydonga tushadi.

***

Italiya A seriyasi futbolchilarining yangilangan transfer narxlari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, “Roma” kluba a’zosi, hamyurtimiz Eldor Shomurodovning narxi 1 millionga arzonlashdi va endilikda O‘zbekiston terma jamoasi sardorining narxi 4 million yevro etib belgilandi.

***

Angliya liga kubogining chorak finalidan o‘rin olgan 3 o‘yin o‘tkazildi. Unda “Arsenal” o‘z maydonida “Kristal Pelas”ni qabul qilib, 3:2 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, “Liverpul” safarda “Sautgempton” mehmoni bo‘ldi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. “Nyukasl” esa 3:1 hisobida “Brentford”ni yengdi.

Bugun tunda chorak final bosqichining so‘nggi o‘yini bo‘lib o‘tadi. Unda “Tottenxem” va “Manchester Yunayted” klublari o‘zaro raqobatlashadi.

***

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi sardori Lazizbek Mirzayev yangi mavsumni Ispaniyaning “Leganes” klubida boshlashidan xabaringiz bor, albatta.

Hujumkor yarim himoyachimiz mavsumning dastlabki qismida asosiy jamoaga yosh futbolchilarni yetkazib beruvchi “Leganes Juvenil A” jamoasida 10-raqamda maydonga tushmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Leganes Juvenil A” navbatdagi uchrashuvini 22 dekabr kuni “La Kruz”ga qarshi o‘tkazadi.

***

Fransiya chempionatining markaziy uchrashuvida “Monako” va “PSJ” bahs olib bordi.

Uchrashuvning 20-daqiqasida “Monako” futbolchisi Singo to‘p uchun kurashda “PSJ” darvozaboni Janluiji Donnarumaning yuzini bosib ketdi.

Natijada posbon zaxiraga olindi. Keyinchalik italiyalik futbolchining yuziga shifokorlar tomonidan 10 ta chok tushirilgani aniq bo‘ldi. Darvoqe, mazkur bahsda “PSJ” 4:2 hisobida zafar quchdi.

***

“Navbahor” futbol klubi jamoa yetakchisi Azim Ahmedov bilan 2026 yilning oxiriga qadar shartnoma imzoladi.

Eslatib o‘tamiz, Azim Ahmedov 2023 yilning yozidan beri “Navbahor”da harakat qilmoqda. Yarim himoyachi joriy mavsum Superligada 19 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 1 ta golga assist qayd etdi.

***

Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi a’zosi Neymar klub rahbariyatiga yanvarda jamoani tark etmoqchi ekanini ma’lum qildi.

“Al-Hilol” mutasaddilari Neymarning ketishi haqidagi gaplarga ishonmadi. Ular katta maosh olayotgan braziliyalik yulduz shu yo‘l bilan yozda tugaydigan shartnomasini uzaytirishga erishmoqchi, degan fikrga kelmoqda.

“Al-Hilol” ketma-ket jarohatlar tufayli jamoaga deyarli yordami tegmayotgan Neymar bilan hamkorlikni davom ettirmoqchi emas.

***

Avvalroq, “Barselona” klubi “Monjuik” Olimpiya stadionidan may oyida chiqib ketishi kerakligi haqida xabar berilgan edi.

Biroq, “Kamp Nou” stadioni ushbu mavsum oxiriga qadar bitishi deyarli imkonsiz ekani oydinlashmoqda. Hozirda stadionda avariya chiqishlari, chimning tag qismi bo‘yicha qilinishi kerak bo‘lgan ishlar biroz cho‘zilmoqda. Shu sababli ham “Barselona” klubi ushbu mavsumda katta ehtimol bilan “Kamp Nou” stadioniga qaytmaydi.

Bundan tashqari, UEFA qoidalariga ko‘ra, jamoa o‘z stadionini YeCHLning umumiy liga bosqichi va pley-off bosqichi oralig‘idagina o‘zgartira oladi. La Ligada esa bunday cheklov yo‘q.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA