O‘zbekiston xorij matbuoti sahifalarida
Saudiya Arabistoni Podshohligi axborot agentligi – “SPA” Aloqa va axborot texnologiyalari vaziri Abdulloh Al-Svaxa O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan uchrashganini yoritdi.
Maqolada ikki mamlakat o‘rtasida aloqa va zamonaviy texnologiyalar, tadbirkorlarning imkoniyatlarini kengaytirish va barqaror raqamli iqtisodiy o‘sishga erishish uchun innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilingani batafsil yozilgan.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan “Internet Governance Forum” anjumani doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng tomonlar o‘rtasida aloqa va axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashish maqsadida strategik kelishuv imzolangani ta’kidlangan.
Bitim sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma, beshinchi va oltinchi avlod texnologiyalari, raqamli investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqish va modernizatsiya qilish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek, har ikki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishga qaratilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA