Respublika byudjeti xarajatlari qariyb 10 trillion so‘mga oshirilmoqda

246

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama etildi.

Majlisda ta’lim sohasida tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Har bir mahalla, har bir qishloq, hatto chekka-chekka hududlarda ham ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish borasida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Soliq, bojxona va byudjet qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti talablari bilan uyg‘unlashtirish yuzasidan qator choralar ko‘rilayotir.

Qonunda tadbirkorlik va kichik biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklarining ustav kapitalini oshirish uchun 2,5 trillion so‘m, mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga 1,3 trillion so‘m, ta’lim kreditiga bo‘lgan talabning yuqoriligi hamda o‘tgan yilda yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasiga 840,5 milliard so‘m qo‘shimcha ravishda ajratish belgilangan.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va davlat ahamiyatidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasiga 524,8 milliard so‘m, Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 200 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Bir-birini takrorlovchi shtatlar birliklari qisqartirilgani hisobiga byudjet mablag‘lari tejalayotgani hamda ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga rejalashtirilgan mablag‘lar hamda joriy yil byudjet xarajatlarini o‘zlashtirish imkoniyatlaridan kelib chiqib, ayrim xarajatlar maqbullashtirilmoqda.

Qonunga ko‘ra, respublika byudjeti xarajatlari qariyb 10 trillion so‘mga oshirilmoqda.

Senatorlar 2024 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan barcha o‘zgartirishlar respublika byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli, samarali hamda natijaga yo‘naltirilgan holda sarflanishiga, dolzarb muammolarning yechimini topishga va ularni mablag‘ bilan ta’minlashga qaratilganining muhimligini ta’kidlab, ushbu qonunni ma’qulladi.

N.Abduraimova,  

O‘zA