Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-oktyabr kuni bank tizimini isloh qilish va banklarning investitsiyaviy faolligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish va ishlab chiqarishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashda banklar muhim oʻrin tutadi. Shu bois ushbu moliyaviy institutlarning barqarorligi va hayotdagi rolini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Keyingi yillarda davlat byudjetidan tijorat banklariga dasturlarni moliyalashtirish uchun 8,4 trillion soʻm, aylanma mablagʻlar uchun 400 million dollar, ustav kapitalini oshirish uchun 1,7 milliard dollar mablagʻ ajratildi. Umuman olganda, soʻnggi ikki yil ichida banklar kapitalizatsiyasini oshirish uchun 3,3 milliard dollar davlat mablagʻi berildi.
Yigʻilishda bu mablagʻlardan samarali foydalanilmayotgani, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratishga koʻmaklashish, mijozlar va bank daromadlarini koʻpaytirish borasidagi ishlar yetarli emasligi tanqid qilindi.
Misol uchun, xususiy banklar kredit resursining yarmidan koʻpini depozitlar hisobiga shakllantirayotgan boʻlsa, davlat banklarida bu koʻrsatkich atigi 10 foiz atrofida. Shuningdek, davlat banklari kredit portfelining yarmidan koʻpi 5 ta yirik davlat korxonasi hissasiga toʻgʻri keladi. Hanuzgacha eskirgan dasturiy taʼminotlardan foydalanayotgani uchun bank xizmatlari sifati talab darajasida emas.
Tizimda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida banklar faoliyatida davlat ishtiroki bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Xususan, davlat dasturlari doirasidagi kreditlar foizi qayta moliyalash stavkasi bilan tenglashtirildi va 2021-yildan toʻliq erkinlashtirilishi belgilandi. Bu banklarni koʻproq mijoz topish, resurs jalb qilish, kredit ajratish boʻyicha izlanishga, rivojlanishga undaydi.
Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, banklar transformatsiyasini tezlashtirish va sifatli amalga oshirish maqsadida barcha davlat banklaridagi aksiyadorlik vazifasi Moliya vazirligiga yuklatildi.
Yigʻilishda Moliya vazirligi va Markaziy bankka Jahon banki bilan birgalikda bank sektorini uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni yakunlash vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari tijorat banklarining hozirgi holatini tahlil qilib, dolzarb chora-tadbirlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
Bugungi kunda banklarga qoʻyilgan depozitlarning 70 foizi qisqa muddatli boʻlgani holda, kreditlarning 90 foizi uzoq muddatga berilgan. Ayrim banklarda joriy xarajatlar daromadga nisbatan 60-70 foizni tashkil etadi. Shu bois banklarni moliyaviy sogʻlomlashtirish va ularning barqarorligini taʼminlash masalalari ham muhokama qilindi.
Banklarning mijozga yoʻnaltirilgan, aholining keng qatlamiga moʻljallangan xizmatlarini koʻpaytirish hamda kreditlash tartibini soddalashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Onlayn va mobil aloqa orqali xizmat koʻrsatish, chet ellarda keng tarqalgan “skoring” va avtomatlashtirilgan modulli kredit ajratish tizimini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Banklarning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish, biznesga yoʻnaltirilgan korporativ boshqaruv tizimi va kuzatuv kengashlari faoliyatini jonlantirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish orqali xususiy sektor ishtirokini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
– Endi banklar resurs jalb etish boʻyicha “oʻz aravasini oʻzi tortishi” kerak. Shundagina bozor sharoitiga mos, zamonaviy boshqaruv tizimiga ega moliyaviy institutga aylana oladi, – dedi Prezident.
Yigʻilishda kadrlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilib, Markaziy bank huzurida tashkil etilayotgan Bank xodimlarini qayta tayyorlash korporativ markazi va Toshkent moliya instituti bu borada jiddiy shugʻullanishi lozimligi qayd etildi. Bank xodimlarining mijozlar bilan ishlashini ragʻbatlantirish, ularning faoliyatini samaradorligiga qarab baholash indikatorlarini joriy etish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilish soʻngida “Sanoatqurilishbank” hamda Xalq bankining 2020-yil va istiqboldagi rejalari taqdimoti oʻtkazildi.