22-oktyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakatida siyosiy partiyalar ishtirokida “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” doirasida brifinglar boʻlib oʻtdi.
Unda partiyalar faoliyatiga nisbatan jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr va izohlar yuzasidan rasmiy munosabatlar, saylovoldi PR-kampaniyasining olib borilishi, partiyalar tomonidan ilgari surilayotgan takliflar haqida maʼlumot taqdim etildi.
Jamoatchilikni amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan maydonda birinchi boʻlib Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakili chiqish qildi.
Dilshod SHOUMAROV, OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari:
– Joriy yil 22-dekabr kuni parlament quyi palatasi va mahalliy Kengashlarga saylov boʻlib oʻtadi. Bu muhim siyosiy jarayonga 22-sentyabr kuni “Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar” shiori ostida rasman start berilgan. Bu vaqt davomida partiyamiz Saylovoldi dasturini yanada takomillashtirdi. Bunda aholi fikri oʻrganilib, umumlashtirilgan holda dasturda aks ettirildi.
Saylovoldi dasturiga kodeks va qonunlar, davlat dasturlari hamda konsepsiyalarni ishlab chiqish boʻyicha 30 ga yaqin aniq taklif kiritildi. Misol uchun, tadbirkorlik manfaatlarini himoya qilish boʻyicha shu kunga qadar 14 mingdan ortiq huquqiy hujjat qabul qilingan. Shundan kelib chiqib, partiya Saylovoldi dasturida sohaga tegishli huquqiy hujjatlarni yaxlit tizimga solish, amaldagi qonun hujjatlarini inventarizatsiyadan oʻtkazgan holda Tadbirkorlar kodeksini ishlab chiqish belgilandi.
Partiyamiz milliy qonunchiligimiz va xalqaro tajribani inobatga olgan holda mahalliy tadbirkorlar va investorlar uchun tushunarli boʻlgan yagona Investitsiya kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish gʻoyasini ilgari surmoqda. Investitsiya kodeksi – Oʻzbekistonda investitsiya jarayonini tizimli tartibga soluvchi yagona, mukammal va investorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan hujjat boʻlishi lozim.
Biz saylovlarga “Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz” shiori bilan kirib keldik.
Maqsuda VARISOVA, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari:
– Saylovga tayyorgarlik jarayonida balandparvoz shiorlardan voz kechdik. Chunki avvalgi saylovlar davomida koʻplab shiorlar eʼlon qilindi. Lekin turli sabablarga ular shiorligicha qolib ketdi. Biz aholining muammolarini oʻrganib chiqqan holda eng dolzarb masalalarni koʻtardik. Ulardan biri dabdabali toʻylar masalasidir. Bu har kimning shaxsiy ishi, istalgancha mablagʻini sarf etaversin, deganlar ham boʻldi. Lekin toʻylar va boshqa turli marosimlar ommaviy tadbir hisoblanadi. Biz aholini oʻzi ishlab topgan mablagʻni oqilona sarflashiga oʻrgatishimiz lozim. Oʻsha mablagʻ bolalarning bilim olishi, kasb-hunar oʻrganishiga sarflanishini istardik. Bundan tashqari, mardikor ayollarning huquqlarini himoya qilish, ularni munosib ish bilan taʼminlashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqayapmiz.
Partiya Saylovoldi dasturining asosiy oʻzagi – bu jamiyatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ijtimoiy ziddiyatlarning oldini olishdir. Bunga erishish uchun jamiyatda har bir fuqaro uchun teng imkoniyatlar yaratilishi tarafdorimiz. Ayniqsa, ijtimoiy zaif qatlamni, yaʼni imkoniyati cheklanganlar, bemorlar va vaqtincha ishsizlar uchun teng imkoniyatlar yaratishni maqsad qilib olganmiz. Partiyamiz koʻtarayotgan eng dolzab masalalardan yana biri – bu vaqtincha ishsizlarning huquqlarini himoya qilish, ular uchun munosib ish oʻrinlarini yaratishga koʻmaklashish. Mehnat kodeksiga yangi boblar kiritilishi boʻyicha aniq takliflarimiz bor. Bunda mamlakat va xorijdagi mehnat muhojirlarini himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Biz saylovlarda qanday natijaga erishishimizdan qatʼiy nazar, oldimizga qoʻyilgan barcha vazifalarni astoydil bajarishni niyat qilganmiz.
Guluruh AGZAMOVA, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi markaziy apparati boʻlim mudiri:
– Partiyaning ustuvor vazifalari orasida “Aholining reproduktiv salomatligi toʻgʻrisida”, “Odam organlari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”, “Ilm-fan toʻgʻrisida”, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunlarni qabul qilish kabi maqsadlar bor. Bundan tashqari, partiyaning Saylovoldi dasturida barcha muassasalarda “aqlli tibbiyot”ni – elektron tibbiyot tizimi asosida ishlashga oʻtkazish taklif etilmoqda. Shundan kelib chiqib, partiya davlat tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar doirasi belgilanib, pullik va bepul davolanish oʻrtasida aniq chegara oʻrnatilishiga erishish zarur. Bu tizim shaffoflashuvi unda korrupsagen holatlar kamayishiga turtki boʻladi.
Partiyaning barcha qonunchilik tashabbuslari saylovchilarning real ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Xususan, partiya pensiyalarni rasmiylashtirishda xususiy kompaniyalarning arxiv yozuvlarini olish qiyinligi haqida fuqarolar tomonidan bildirilgan koʻplab shikoyatlardan kelib chiqqan holda “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqdi. “Aholining reproduktiv salomatligi toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish esa aholining va oilaning bepushtlik munosabati bilan yuzaga keladigan real ehtiyojlaridan kelib chiqadi.
Partiyamiz tomonidan oliy oʻquv yurtlarida “kvotasiz” taʼlim olish tizimini joriy etish va asta-sekin taʼlim muassasalarini oʻzini-oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish taklifi ilgari surilmoqda.
Mirodil ABDURAHMONOV, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari:
– Partiyamiz saylovga tayyorgarlik koʻrish, saylovoldi platformasi bilan bogʻliq tadbirlarda targʻibot-tashviqotning yangi usul va texnologiyalaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratayapti.
Biz xalqning muammolarini dadil koʻtarib chiqa oladigan parlamentni qurmoqchimiz. Bu parlament odamlarning muammolarini bevosita oʻzi bilan maslahatlashgan holatda hal qiladi, qonunchilikda aks ettiradi. Partiya Saylovoldi dasturida Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Insonni oʻzgartirmasdan turib jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi gʻoyasi ilgari surilmoqda.
Kuni kecha yangi muhtasham Xalqaro kongress markazida 21-oktyabr kuni oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, oʻz nutqida “Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir” deb taʼkidladi. Albatta, mazkur tantanali marosim tarixiy ahamiyat kasb etib, barcha vatandoshlarimizning qalbida chuqur iz qoldirdi.
Partiyamizning dasturi va saylovoldi platformasida ham oʻzbek tilining zamonaviy til taraqqiyoti qonuniyatlariga koʻra rivojlantirish, adabiy til meʼyorlariga toʻliq amal qilish tashabbusini ilgari surmoqda.
Brifinglarda Oʻzbekiston ekologik partiyasi vakillari ishtirok etmadi.