USD 10500.03
EUR 12607.39
RUB 140.7

Payshanba, 19 Dekabr

Sayt test rejimida ishlayapti. Noqulayliklar uchun uzr so'raymiz.

KUN TARTIBIDA: xorijiy davlatlarda saylov uchastkalari tuzish, jurnalistlarni akkreditatsiya qilish

KUN TARTIBIDA: xorijiy davlatlarda saylov uchastkalari tuzish, jurnalistlarni akkreditatsiya qilish

Mamlakatimizning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari qay tartibda tashkil etiladi? Ularni tuzish va tegishli okruglarga biriktirish qanday amalga oshiriladi? Saylov jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yorituvchi jurnalistlarni akkreditatsiya qilish tartibi qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida shu kabi masalalar o‘rtaga tashlandi. Yig‘ilishda komissiya a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov saylovga tayyorgarlik jarayoni qonunchilikda belgilangan tartibda davom etayotganini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, Saylov kodeksining 10-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi, ularni okrugga biriktirish to‘g‘risidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etilishi belgilab qo‘yilgan. Chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalar huzurida saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.
Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi. Saylov uchastkalarining soni okruglar sonidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Okrug saylov komissiyasi saylov uchastkalarining tartib raqamini belgilaydi hamda tegishli uchastka komissiyasining telefon raqamlarini, joylashgan yerini va ovoz berish binosini ko‘rsatgan holda saylovchilarni har bir uchastkaning chegaralari to‘g‘risida xabardor etishni tashkil qiladi.
Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda o‘tkazilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuziladi.
Shuningdek, xorijda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolar, ularning murojaatlariga asosan xorijdagi saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.
Bundan tashqari, fuqarolar tashqi ishlar vazirligi rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda xorijdagi saylov uchastkasining saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatini saylovga o‘n besh kun qolgunga qadar berishi mumkin.
Shuningdek, majlis doirasida Ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq shu kunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan murojaat qilgan bir qator ommaviy axborot vositalari vakillariga mandatlar topshirildi.
Tadbir doirasida “SAYLOV-2019” mobil ilovasining taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur mobil ilova saylov komissiyalarining samarali faoliyati uchun qo‘shimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratadi. Undan saylovga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari faollari haqida ma’lumotlar, saylovchilar, komissiya a’zolari, siyosiy partiyalar va nomzodlar hamda kuzatuvchilar uchun uslubiy tavsiyalar, saylov faollarining bilimini oshirishga doir o‘quv materiallari, kitoblar va maqolalar, saylov mavzusi bo‘yicha savol-javoblar o‘rin olgan.
Shuningdek, saylovchilarga o‘z saylov uchastkasini topishida ko‘maklashish uchun maxsus havola ham joylashtirilgan.

 

N.Abduraimova, O‘zA