Oʻzbek tilida onlayn taʼlim platformasi ishga tushdi

“Khan Academy Uzbek” – oʻzbek tilidagi onlayn taʼlim platformasi (xanakademiyasi.uz) rasman ishga tushdi. Zarur fanlar boʻyicha xalqaro bilimlarni oʻzida jamlagan mazkur onlayn taʼlim bepul.
18-oktyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida mazkur oʻzbek tilidagi ilk onlayn platformaning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda mamlakatimizdagi qator vazirlik va idoralar, diplomatik korpus, xorijiy va mahalliy kompaniyalar vakillari, umumtaʼlim fanlari oʻqituvchilari, iqtidorli oʻquvchilar ishtirok etdi.
Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxoʻjayev, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Saʼdullayev va boshqalar oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana oldidan ishga tushirilgan mazkur loyiha mamlakat taʼlim tizimida yangi sahifa ochishi bilan birga ilmda yuksak marralarni koʻzlagan yoshlar uchun munosib tuhfa ekanini taʼkidladi.
Ishtirokchilar oʻzbek tilidagi onlayn taʼlim platformasi bilan yaqindan tanishdilar.
Matematika, fizika, kimyo, biologiya, iqtisodiyot, ingliz tili grammatikasi, tibbiyot, astronomiya, moliya, tarix kabi fanlar boʻyicha 10 mingdan ziyod videodars va 100 mingdan ortiq mavzulashtirilgan interaktiv mashqlarni oʻzida jamlagan ushbu keng qamrovli platforma orqali hozirgi kunda 29 tilda, qulay vaqt va joyda zarur fanlar boʻyicha bilim olish mumkin.
Internetda fanlar boʻyicha oʻzbek tilidagi maʼlumotlar yetishmovchiligini bartaraf etish maqsadida oʻzbekistonlik bir guruh koʻngillilar platforma kontentini mahalliylashtirish, yaʼni oʻzbek tiliga oʻgirishga bel bogʻlagan edi. Oradan yetti oy oʻtib, loyiha mualliflari Botir Orifjonov, Nigora Orifjonova, Umid Ishmuhammedovlar boshchiligida shakllantirilgan jamoa homiylar, mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralar, tashkilotlar koʻmagida “Xan” oʻzbek akademiyasini yaratishga muvaffaq boʻldi.
“Khan Academy Uzbek” asoschilarining aytishicha, yetti oy bunday ulkan loyihani amalga oshirish uchun juda qisqa fursat. Shu vaqt davomida “Xan akademiyasi” maʼlumotlarining 61 foizi tarjima qilingan, 712 ta video dars yaratilgan.
Mutaxassislar eʼtiroficha, mazkur taʼlim platformasi qator xususiyatlarga ega. Birinchidan, dastur tizimi mukammal oʻrganishga asoslangan. Platformadagi sunʼiy idrok oʻquvchi bilim darajasining muntazam oshirib borilishiga eʼtibor qaratadi. Ikkinchidan, mashgʻulotlar individuallashtirilgan, oʻquvchining qabul qilish tezligi, qobiliyatiga qarab bilim olish imkoniyati yaratilgan. Batafsil statistika va teskari sinfxona orqali oʻquvchining oʻzlashtirish darajasini bilib borish mumkin. Shuningdek, onlayn platformada roʻyxatdan oʻtmasdan turib ham foydalanish imkoniyati mavjud.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, loyihani roʻyobga chiqarishda 800 dan ziyod donor ishtirok etgan. Platformaning 3 yillik moliyaviy rejasi 514 ming 216 dollarga teng, hozirgacha ushbu mablagʻning 200 ming dollari homiylar tomonidan qoplangan. Shu bilan birga mazkur loyihani xohlagan kishi qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
Tadbir doirasida “Khan Akademy Uzbek”ni roʻyobga chiqarishga koʻmak bergan homiylar taqdirlandi.

 

Malohat HUSANOVA, OʻzA