Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan “Umra – 2019” mavsumi boʻyicha brifing tashkil etildi.
Mamlakatimizda diniy-maʼrifiy jabhada ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, moʻmin-musulmonlar oʻz ibodatlari, diniy marosimlarini emin-erkin ado etib, har yili minglab yurtdoshlarimiz Haj va Umra ibodatlariga qatnashib kelmoqda. Fuqarolarimizning muqaddas ziyoratni ado etishi uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash boʻyicha cheklovlar olib tashlangani fuqarolarimizni yanada quvontirdi.
Avvallari fuqarolarimiz Umra safariga borish uchun yillab navbat kutishar, boshqa yoʻllar bilan borish imkoniyatlarini qidirishar edi. Endilikda ortiqcha ovoragarchilik va yugur-yugurlarga barham berildi.
Soʻnggi 2-3 yil ichida Prezidentimiz tashabbusi bilan Haj va Umra safariga boradigan fuqarolarimiz uchun yaratiladigan shart-sharoit va xizmatlarga alohida eʼtibor qaratilib, sezilarli yutuqlarga erishildi. Jumladan, oʻtgan yildan buyon ziyoratchilarimizga Madina shahrida “Masjidun Nabaviy”dan 50 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Pulman Zam-zam”, Makka shahrida esa “Masjidul haram”dan 600-650 metr uzoqlikdagi 4 yulduzli “Abroj al-Kisva” mehmonxonasi xizmat koʻrsatmoqda.
Brifingda aytilishicha, 2019-yil Umra mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi loyihasi ishlab chiqildi va har bir ziyoratchidan olinadigan mablagʻ oʻtgan Umra safari uchun toʻlanadigan mablagʻ miqdoridan arzonlashtirilgan. Yaʼni, 11 million 600 ming soʻmdan 11 million 450 ming soʻmga tushirilgan.
Taʼkidlanganidek, joriy yil sentyabr oyidan boshlab Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vazirligi tomonidan har bir ziyoratchi uchun qoʻshimcha 132 AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratilmoqda. Kelishuvga koʻra, mazkur qoʻshimcha mablagʻ Umra ziyorati uchun joriy yil noyabr oyidan boshlab tuziladigan keyingi shartnomada qoʻshilishi belgilab olindi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkorlar tomonidan oʻzbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish ishlari nihoyasiga yetgan va ular uchun barcha shart-sharoitlar hozirlab qoʻyilgan.
Jumladan, har bir ziyoratchi uchun toʻlanadigan mablagʻ ichida Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi, Toshkent – Jidda – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha aviachipta, Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona, taomlar, sarxil mevalar, shirinlik va salqin ichimliklar qamrab olingan. Shuningdek, 24 soatlik bepul toʻliq tibbiy xizmat, mamlakatimiz ramzlari tushirilgan maxsus nimcha va sumka, Umra qoʻllanmasi (kitobi), beyjik, qoʻl tasmasi, vaksina, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgan. Ziyoratchilarimiz uchun mehmonxonalarda yuqori darajadagi servis xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
Brifingda Umra safari davomida ziyoratchilarimizga xizmat koʻrsatish, ularning ibodatlari mukammal boʻlishi uchun bilimli, tajribali guruh rahbarlari saralab olingan. Umra ziyorati 10 kunni tashkil etib, yurtdoshlarimiz 3 kun Madinai munavvara, 7 kun Makkai mukarrama shahrida boʻladilar.
Umra safari davomida ziyoratchilarga oʻzbekistonlik 5 nafar ishchi guruhi, 200 nafar guruh rahbari (ellikboshi) va 47 nafar shifokor xizmat koʻrsatadi.
Kirish vizasi bilan bogʻliq masalalar tez orada hal etilgandan soʻng, Umra safariga otlangan birinchi guruh ziyoratchilarimizning Saudiya Arabistoniga joʻnab ketish kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilinadi.
Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA