USD 10500.03
EUR 12607.39
RUB 140.7

Payshanba, 19 Dekabr

Sayt test rejimida ishlayapti. Noqulayliklar uchun uzr so'raymiz.

Bu imtihon barchamizga baho beradi

Bu imtihon barchamizga baho beradi

Saylov – 2019 
“Oʻzbekistonning yangilangan saylov qonunchiligi – demokratik saylovlar oʻtkazishning asosi”. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro anjuman ayni mavzuga bagʻishlandi. Tadbir Markaziy saylov komissiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori hamda BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Parlament quyi palatasi deputatlari, senatorlar, Markaziy saylov komisciyasi, YEXHT va BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari, xorijiy davlatlar hamda mamlakatimiz ekspertlari muloqotning asosiy ishtirokchilari boʻldi.
Anjumanda mulohazalar, muhokama va munozaralarning asosiy mazmuni yangilangan saylov qonunchiligi asosida saylovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga qaratildi. Shu maqsadda Markaziy caylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov xalqaro va xorijiy ekspertlarni dastlab boʻlajak saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga doir ayrim yangiliklar bilan tanishtirdi.
– Birinchidan, Oʻzbekistonning milliy saylov tizimiga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati joriy etildi, – dedi M.Abdusalomov. – Ikkinchidan, saylovlar boʻyicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari takomillashtirildi. Saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish amaliyotida birinchi marta barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan ishlar 8 bosqichli “kaskad” uslubida tashkil etildi. Bu yilgi saylovlarda 16 mingdan ziyod saylov okrugi va saylov uchastkasi tuzilishi rejalashtirilgan. Shu vaqtgacha 70 respublika treneri va hududlarda 748 “tuman trenerlari” guruhi shakllantirildi. Hozirgacha ushbu trenerlar tomonidan 51 mingga yaqin saylov komissiyalarining raisi, oʻrinbosari va kotibi oʻqitildi. Saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha seminar-treninglarda jami 170 mingga yaqin saylov komissiyalari aʼzosi oʻz bilimi va koʻnikmalarini oshiradi.
Markaziy caylov komissiyasi raisi maʼlumot berishicha, saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha yangi normativ-huquqiy hujjatlar – yoʻriqnoma, reglament va nizomlarni ishlab chiqish va qabul qilish ishlari yakuniga yetmoqda. Saylov komissiyalari aʼzolari tezkorlik bilan foydalanishi uchun maxsus “Saylov – 2019” mobil ilova ishlab chiqildi.
YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha Byurosining Ehtiyojlarni baholash Missiyasi saylovoldi muhiti va ularga tayyorgarlik jarayonini, mamlakatimizda erkin va demokratik saylovlar oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi. Parlament saylovlariga toʻlaqonli kuzatuv missiyasini yuborish niyatini bildirdi.
Shuningdek, avvalgi parlament saylovlarida YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha Byurosi cheklangan missiyasining oʻttizga yaqin kuzatuvchisi ishtirok etganini taʼkidlamoq zarur. Bu yilgi saylovlarni Byuroning uch yuzga yaqin, jumladan, 30 uzoq muddatli va 250 qisqa muddatli kuzatuvchisi kuzatib borishi kutilmoqda.
Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Akmal Saidov “Saylov kodeksi – demokratik saylovlar oʻtkazishning asosi” mavzusidagi maʼruzasida saylov qonunchiligidagi yangiliklar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berdi.
– Mazkur hujjat mamlakatimizdagi oʻn sakkizinchi kodeks sanaladi, – dedi A.Saidov. – Kodeks loyihasini tayyorlash jarayonida ishchi guruhi tomonidan 20 dan ortiq davlat, jumladan, Fransiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shve­siya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belarus, Ozarbayjon, Turkiya kabi mamlakatlar tajribasi hamda ushbu sohadagi xalqaro standartlar puxta oʻrganib chiqildi. Saylovga doir 10 dan ortiq xalqaro hujjat atroflicha tahlil qilinib, ularning asosiy gʻoya va standartlari loyiha normalariga chuqur singdirildi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi pakt, YEXHTning insoniylik mezonlari toʻgʻrisidagi hujjatlari shular jumlasidandir.
Saylov kodekslari qabul qilingan dunyoning 40 ta davlati safiga endilikda Oʻzbekiston ham qoʻshildi. Xoʻsh, milliy saylov tizimida nimalar oʻzgarmoqda? Xususan, tobora yaqinlashib kelayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar avvalgilaridan qay bir jihatlari bilan farqlanadi? Ishtirokchilar, ayniqsa, xalqaro ekspertlarning eʼtibor markazida boʻlgan bu savollarga batafsil aniqlik kiritildi.
– Amalga kiritilgan yangiliklar, oʻzgarishlar koʻp va ularning har biri muhim, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinov. – Jumladan, parlament Qonunchilik palatasida deputatlik oʻrinlari uchun Oʻzbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti saylov qonunchiligidan chiqarib tashlandi. Siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʻish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishi huquqi berildi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari tomonidan uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritish tartibi joriy etildi. Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga saylovda ishtirok etish huquqi berildi. Saylovchilar roʻyxatiga oʻzgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida toʻxtatiladigan boʻldi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari soni 3 nafardan 5 nafarga koʻpaytirildi. Tashviqot ishlarini boshlashda barcha nomzodlar uchun yagona muddat, yaʼni ularni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanishi belgilandi.
Konferensiya ishida saylovlar boʻyicha xalqaro ekspert Renata Levovski maʼruza qildi. Ekspert oʻz maʼruzasida demokratik saylovlarni oʻtkazish boʻyicha xalqaro tajriba va amaliyot toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Unda qayd etilishicha, Oʻzbekistonda saylovlarni demokratik prinsiplar asosida oʻtkazishda Saylov kodeksining qabul qilingani hamda saylovlar bilan bogʻliq qonun hujjatlarining takomillashtirilgani ushbu siyosiy jarayonga yangi ruh berdi. Qolaversa, saylov jarayonlari yanada oshkoralik ruhida oʻtishini taʼminlaydigan yangi, ilgʻor amaliyotni joriy etishni huquqiy jihatdan kafolatlaydi.
YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha Byurosining Ehtiyojlarni baholash Missiyasi saylov boʻyicha maslahatchisi Ulvi Axundlu fikricha, hech bir mamlakatda puxta saylov qonunchiligi va mukammal saylovlar yoʻq. Lekin mavjud kamchiliklar tizimni yanada takomillashtirib borishga yordam beradi.
– Mamlakatingizda 2016-yilda boʻlib oʻtgan Prezidentlik saylovlarini bevosita kuzatib, bu boʻyicha xulosalarimizni 2017-yilda Markaziy saylov komissiyasiga hisobot shaklida taqdim etgan edik, – dedi U.Axundlu. – Unda kelgusi saylovlarni qanday tashkil etish yuzasidan xulosa va takliflarimiz ham aks etgandi. Shu asosda oʻtgan vaqt mobaynida Markaziy saylov komissiyasi bilan doimiy muloqotda boʻldik. Xususan, Saylov kodeksi loyihasi mustaqil xalqaro ekspertiza uchun bizga yuborilganda uni takomillashtirishga oid tavsiya, tegishli xulosa va fikrlarimizni ham bildirgandik. Ular kodeks qabul qilinishida eʼtiborga olindi. Yurtingiz saylov tizimi takomillashib borayotganini doim kuzatib, guvohi boʻlyapmiz. Masalan, saylovchilarning yagona elektron bazasi yaratilgani bizda katta qiziqish uygʻotdi. Bu kabi yangiliklarning natijasiga saylov kuni ishonch hosil qilamiz deb oʻylayman.
Xalqaro anjuman oʻz ishini ikki yoʻnalishda davom ettirdi. “Saylov kodeksi – partiyalararo raqobatni taʼminlashning kafolati” mavzusidagi yoʻnalishda yangilangan saylov qonunchiligi talablari asosida partiyalarning saylovlardagi ishtiroki va partiyalararo raqobat masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Saylovlar jarayonlarini yoritishda OAVning ishtiroki hamda mazkur jarayonlarni yoritishda saylov va axborot qonunchiligi talablariga rioya qilish masalalari esa “Saylov kodeksi – saylov ochiqligini taʼminlashning kafolati” mavzusidagi yoʻnalishdan joy oldi.
Saylov faqat mamlakat uchun sinov emas. Bu siyosiy jarayon saylanuvchi va saylovchilar uchun ham imtihon. Chunki, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Saylov jarayonlarida barchamizning, avvalo, dunyoqarashimiz, siyosiy va huquqiy madaniyatimiz, grajdanlik pozitsiyamiz yana bir bor namoyon boʻladi”. Demak, xalqimiz taqdiri, yurtimiz kelajagi oldidagi burchimiz, masʼuliyatimiz, salohiyatimiz joriy yilning 22-dekabr kuni oʻz bahosini oladi.ahosini oladi.

 

Feruza MIRZAKOMILOVA, O‘zA