USD 10500.03
EUR 12607.39
RUB 140.7

Payshanba, 19 Dekabr

Sayt test rejimida ishlayapti. Noqulayliklar uchun uzr so'raymiz.

Inson qadr-qimmati, uning huquq va erkinligi hamma narsadan ustun

Inson qadr-qimmati, uning huquq va erkinligi hamma narsadan ustun

Parlament yuqori palatasida Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yigʻilishda Fargʻona viloyati hokimi, senator Shuhrat Gʻaniyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan nutqi salbiy eʼtirozlarga sabab boʻlgani muhokama qilindi.
Avvalroq Fargʻona viloyati hokimi soqol, roʻmol va ish joylarida namozga qarshi chiqib, bunga boʻysunmaganlarni qamash bilan tahdid qilgani yozilgan audio tarqalgan edi. Ushbu fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda, turli saytlarda aholining eʼtiroziga sabab boʻldi. Komissiya aʼzolari tomonidan Shuhrat Gʻaniyevning ushbu xatti-harakati keskin tanqid qilinib, qoralandi. Qatʼiy chora koʻrish soʻraldi.
– Xalqimizda oʻynab gapirsang ham oʻylab gapir, degan naql bor. Fargʻona viloyati hokimi, senator Sh.Gʻaniyev mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari va faollari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga putur yetkazadigan, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan iboralardan foydalanganligi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda, – dedi senator Maqsuda Varisova. – Buni senator sifatida qattiq qoralayman. Axir, gap roʻmol haqida ketsa, onalarimiz, munis ayollarimiz, qizlarimiz, kelinlarimiz doim roʻmol bogʻlab yurishgan. Inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklari taʼminlanayotgan shunday zamonda bu fikrlarni oqlab boʻlmaydi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida“gi qonunning 11-moddasida deputat, senator odob qoidalariga qatʼiy rioya etishi lozimligi belgilangan.
Shu bilan birga Senatning 2017-yil 28-martdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Senat aʼzolarining odobi qoidalariga koʻra senator oʻz faoliyatida jamiyatda umumiy qabul qilingan axloq-odob prinsiplariga qatʼiy rioya etishi, fuqarolarning, mansabdor shaxslarning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi, shuningdek, senator nomiga dogʻ tushiradigan xatti-harakatlardan oʻzini tiyishi kerak.
– Bu fikrlar meni ayol sifatida larzaga soldi, – dedi senator Gavhar Alimova. – Bugungi kunda mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizni asrash, urf-odatlarimizni, anʼanalarimizni saqlash va rivojlantirish, yosh avlodga yetkazish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Bunga misol sifatida Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivalini aytish mumkin. Shunda opa-singillarimiz chiroyli milliy liboslarda, qadriyatlarimizni olib chiqqani qanchalik huzur bagʻishlaydi. Xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtibor esa har doimgidan kuchli. Shunday paytda ushbu fikrlarni bildirgan senatorimizning xatti-harakatini umuman oqlamayman.
Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev bunga quyidagicha izoh berdi:
– Bugungi davrda inson qadr-qimmati, uning huquq va erkinligi hamma narsadan ustun. Ijtimoiy tarmoqlarda toʻgʻri muhokama boʻlgan, aybimni tan olaman. Ota-onam, opa-singillarim, farzandlarim ham milliy libosda kiyinadi. Men ham uyda milliy libosda yuraman. Oʻsha majlisda quyushqondan chiqib ketganman. Imkoniyat bersangiz, xulosa chiqarib, mehnat qilaman.
Senat komissiyasi yigʻilishida Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyevga qatʼiy ogohlantirish va 3 oy sinov muddati berildi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA