Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-oktyabr kuni yoʻl xoʻjaligini rivojlantirish va ushbu sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimizda jami yuklarning 98 foizi va yoʻlovchilarning 88 foizi avtomobil yoʻllari orqali tashiladi. Keyingi yillarda yurtimiz eksportida tayyor mahsulotlar ulushi koʻpayib bormoqda. Kelgusida uni yanada oshirish rejalashtirilgan. Tovarlarni manzilga tez va sifatli yetkazish uchun esa rivojlangan yoʻl infratuzilmasi kerak.
Yigʻilishda ushbu sohani rivojlantirish, qurilish loyihalarini barqaror moliyaviy manba bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Avtomobil yoʻllarini qurish yoki taʼmirlash ishlariga xalqaro tashkilotlar va xususiy sheriklarni faol jalb qilish zarurligi taʼkidlandi. Jumladan, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik 1 ming 600 kilometrlik yoʻllarga doir 18 ta yirik loyihani shunday hamkorlik asosida amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Ichki yoʻllarni taʼmirlashda hududlarning ishtiroki sezilmayotgani qayd etildi. Moliya vazirligiga respublika byudjetidan faqat umumiy foydalanishdagi yoʻllarga, ichki yoʻllarga esa mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratish tartibini joriy qilish vazifasi qoʻyildi.
Xorijiy davlatlarda yoʻl xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik yaxshi rivojlangani qayd etildi. Yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarini berish orqali loyihalarga investorlarni jalb qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar doirasida yoʻl boʻyi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish tartibini ishlab chiqish topshirildi.
Reklama qurilmalarini umumiy foydalanishdagi yoʻllarga joylashtirish uchun ruxsat berish vakolatini Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga oʻtkazish taklif etildi.
Umuman, avtomobil yoʻllari sohasini tubdan isloh qilish uchun manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, 2020-2030 yillarda Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. Bu strategiyada, avvalo, avtomobil yoʻllarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish choralari belgilanadi.
Hozirgi paytda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasida ham buyurtmachi, ham pudratchi, ham ekspluatatsiya qilish funksiyalari toʻplanib qolgani oqibatida tizimdagi korxonalar xalqaro loyihalarda ishtirok eta olmayapti. Shu bois, qurilish tashkilotlarini qoʻmita tarkibidan chiqarib, ular negizida “Oʻzavtoyoʻl” aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, xususiy sheriklar ishtirokida tezkor avtobanlar qurishga katta eʼtibor qaratiladi.
Davlatimiz rahbari yoʻllar sifatini oshirish ishlarini loyihalashtirishdan boshlash zarurligini taʼkidladi. Buning uchun loyiha tashkilotlarini koʻpaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini va kadrlar tarkibini mustahkamlash boʻyicha koʻrsatma berildi.
Germaniyalik hamkorlar bilan birgalikda avtomobil yoʻllari qurilishi sohasida qoʻshma loyiha institutini tashkil etish, yurtimiz iqlimi va qatnov xususiyatlarini hisobga olib, yoʻl qurilishi sohasidagi normativ hujjatlarni tubdan qayta koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi. Masalan, mamlakatimizda yoʻl qurishda hanuzgacha asosan asfalt-beton ishlatiladi. Bunday yoʻllarning xizmat muddati 10-15 yil boʻlib, 4-5 yildayoq taʼmirtalab ahvolga kelib qoladi. Sement-beton qoplamali yoʻllarni qurish 15-20 foizga qimmat boʻlsa-da, ekspluatatsiya muddati 2-3 barobar koʻp va saqlash xarajatlari 3 barobar kam.
Yurtimizda sement ishlab chiqarish hajmi ortayotganini inobatga olib, yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan davlat ahamiyatiga molik yoʻllarni bosqichma-bosqich sement-beton qoplamaga oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yana bir muammo yoʻllarni monitoring qilish boʻyicha avtomatlashgan tizim yoʻqligidir. Qaysi yoʻldan qancha ogʻirlikdagi yuk tashish mumkinligi hammaga maʼlum emas. Meʼyordan ortiq ogʻirlikda yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakati nazorat qilinmayapti.
Shu bois, yigʻilishda barcha yoʻllarning elektron bazasini shakllantirish, maxsus avtomatlashgan oʻlchash vositalarini oʻrnatish boʻyicha dastur ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, yoʻl boʻyi infratuzilmasini xalqaro andozalar asosida loyihalashtirish, xalqaro yoʻllarda sifatli servisni tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Qator koʻpriklar taʼmirtalab, ayrimlari umuman egasiz ekani tanqid qilinib, barcha koʻpriklarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish, ularni taʼmirlash va tiklash boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Kadrlar masalasiga ham eʼtibor qaratilib, sohadagi institutlarni yirik loyihalarga biriktirish, ular doirasida ilmiy xodimlar uchun sinov maydonlari va tadqiqot laboratoriyalari tashkil qilish, iqtidorli talabalarning xorijda malakasini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.