Tadbirkorlikni rivojlantirish va davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni taʼminlash tahlil qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-sentyabr kuni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.


Qayd etilganidek, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yuzasidan mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi koʻplab byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilmoqda.

Ushbu yangi tizim yaqinda tashkil etilgan Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining muvofiqlashtiruvchi roli ostida Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, joylardagi hokimlarning birinchi oʻrinbosarlari boshchiligidagi iqtisodiyot kompleksi tashkilotlarining mazkur yoʻnalishda hamjihatlikda izchil ishlashini nazarda tutadi.

Tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy koʻmak berish maqsadida ularga tijorat banklari oʻziga xos biznes-hamkor boʻlishini taʼminlash boʻyicha yangi konsepsiya amaliyotga joriy qilinmoqda.

Bunday tizimli amaliy choralar natijasida joriy yilning oʻtgan 8 oyida 70 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobar koʻpdir.
Shu bilan birga, hududlarda ishlatilmayotgan rezerv va imkoniyatlar yetarli. Sohani rivojlantirish boʻyicha yangi tizim qanday ishlashi kerakligini joylarda koʻpchilik rahbarlar hali chuqur anglab yetmayapti.

Bosh vazir qabulxonalari tashkil etilganidan keyin oʻtgan uch oy mobaynida ularga 12 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan, ularning asosiy qismi kredit, yer ajratish va boshqa masalalar bilan bogʻliq.

Murojaatlarning aksariyati Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Samarqand viloyatlariga toʻgʻri kelgan. Ulardan 9 mingtasi yoki 75 foizi joyida, shundan 40 foizi bevosita tuman darajasida hal boʻlgan. Bu holat ilgari quyi boʻgʻin rahbarlari tadbirkorlik sohasidagi muammolar bilan umuman shugʻullanmaganidan dalolat beradi.

Vazirlar Mahkamasiga Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan birga Bosh vazir qabulxonalariga tadbirkorlik subyektlaridan tushayotgan murojaatlarda koʻtarilayotgan muammolar imkon qadar joyida hal etilishini doimiy ravishda muhokama qilib borish topshirildi.

Shuningdek, markaziy idoralar va vazirliklar rahbarlaridan iborat tarkibda 6 ta hududiy Ishchi guruhlar tuzgan holda, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi tizimni mamlakatning boshqa tuman va shaharlarida joriy etish, joylarda bu borada ishlatilmayotgan imkoniyatlarni safarbar qilish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi.

Jumladan, Ishchi guruhlariga har bir tuman va shaharning oʻziga xos xususiyatlari va salohiyatini oʻrganib, ularni qaysi yoʻnalishlarga ixtisoslashtirish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish hamda shunga mos ravishda yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilishini taʼminlash yuklatildi. Shuningdek, joylarda tadbirkorlar ishtirokida ularni qiziqtirgan masala va muammolar yuzasidan ochiq muloqotlar oʻtkazib, mavjud gʻov-toʻsiqlarni bartaraf etish choralarini koʻrib borish topshirildi.

Majlisda biznes muhitini yaxshilash boʻyicha qonuniy asoslarni takomillashtirish va aniq yoʻnaltirilgan amaliy choralar koʻrish haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, biznes yuritish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish boʻyicha kiritilgan yangiliklar amaliyotda hali toʻliq ishga tushib ketmayotgani tanqid qilindi. Xususan, Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritilgan 693 ta xizmat turidan atigi 103 tasi yoki 15 foizi Davlat xizmatlari markazlari orqali va elektron tarzda koʻrsatilmoqda, xolos. Bu esa tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan shaxslarga qiyinchilik tugʻdirmoqda.

Shuning uchun Adliya vazirligiga tadbirkorlarga onlayn tizimda axborot-maslahat xizmatlarini joriy etish, qogʻozda koʻrsatilayotgan barcha davlat xizmatlarini elektron koʻrinishga oʻtkazish boʻyicha bir oy muddatda tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, qurilish hujjatlarini kelishishning yagona onlayn tizimini amaliyotda toʻliq ishlatishni taʼminlash boʻyicha zarur choralar belgilab berildi.

Koʻplab chet mamlakatlarda biznes subyektlari 3 toifaga (kichik, oʻrta va yirik) boʻlingan va davlat tomonidan har bir toifaga nisbatan alohida qoʻllab-quvvatlash siyosati olib boriladi. Lekin Oʻzbekistonda iqtisodiyot rivojida alohida rol oʻynaydigan “oʻrta biznes” tushunchasi, afsuski, umuman yoʻq.

Shuni hisobga olib, Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirliklarga oʻrta biznes toifasini joriy etish, kichik, oʻrta, yirik biznes mezonlarini qayta koʻrib chiqish, ularni alohida mexanizmlar asosida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha uch oy muddatda aniq takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Yigʻilish kun tartibidagi ikkinchi masala – davlat byudjetiga tushumlarni taʼminlash holati koʻrib chiqilar ekan, oʻtgan 8 oyda bu boradagi koʻrsatkichlar prognozga nisbatan yuqori boʻlgani alohida qayd etildi.

Daromadlarni oshirish boʻyicha foydalanilmagan zaxiralarni ishga solish, soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan undiriladigan qatʼiy belgilangan soliq boʻyicha tushumlarni taʼminlash, yashirin ish oʻrinlarini legalizatsiya qilish muhimligi taʼkidlandi.

Toshkent shahri, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida koʻp milliard soʻmlik soliq qarzdorligi undirilmagani, qator tuman va shaharlar rahbarlari izlanmay, yirik soliq toʻlovchilar hisobiga prognoz koʻrsatkichlarini bajarishda davom etayotgani tanqid qilindi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki ekspertlari ishtirokida tuzilgan Yirik soliq toʻlovchilar bilan ishlash boʻyicha inspeksiya soliq rezervlarini oʻrganish va tushumlarni koʻpaytirishda muhim omil boʻlayotgani qayd etildi. Ushbu ishlarning samarasini oshirish uchun yirik soliq toʻlovchilarni elektron hisob fakturalariga oʻtkazish va ularni buxgalteriyani kompyuterda yuritish dasturlariga bogʻlash kerakligi taʼkidlandi.

Moliya vazirligiga qoʻshimcha qiymat soligʻi stavkasini kamaytirish boʻyicha aniq asoslangan taklif kiritish topshirildi.

Byudjet tushumlarining 21 foizini taʼminlaydigan 20 ta shahar va tuman bilan bevosita ishlash uchun ularga mutasaddi rahbarlar biriktirildi.

Davlat byudjetining daromadlar qismini bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan hududiy soliq idoralari rahbarlari ogohlantirildi. Prezident prognozni oldindan toʻlov hisobiga bajarish qatʼiyan man etilishini taʼkidladi.

Tadbirkorlar, ekspertlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirokida oʻtkazilgan muhokamalarda bildirilgan takliflarni inobatga olib, Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasini puxta ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisoboti va takliflari eshitildi.

 

O’zA