Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus elchisi bilan uchrashuv

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 9-sentyabr kuni Senat Raisi birinchi oʻrinbosari S.Safoyevning Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus elchisi Knut Vollebek bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston delegatsiyasining joriy yil iyun oyida Norvegiyaga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va ikki tomonlama oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Norvegiya oʻrtasidagi munosabatlar faollashdi. Jumladan, Oʻzbekiston tashqi siyosatining ochiqligi va oʻzaro foydali sheriklikni kengaytirishga tayyorligi ushbu mamlakatni ham qiziqtirib kelmoqda.
photo_2019-09-09_20-08-01.jpg
K.Vollebek Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlashga qoʻshayotgan hissasini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, Norvegiya Oʻzbekiston bilan munosabatlarni har tomonlama faollashtirishdan manfaatdor ekani, yaqin orada ushbu mamlakat yuqori darajali delegatsiyasini yurtimizga yuborishni rejalashtirayotganini taʼkidladi.
Uchrashuvda Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyati doirasida hamkorlik qilish va uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashni donor davlatlar va xayriya tashkilotlari orasida birgalikda targʻib qilish masalalari ham muhokama etildi.
Muloqotda tomonlar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishda Norvegiyaning yirik kompaniyalari ishtirokini taʼminlash boʻyicha ham oʻzaro fikr almashdi.
photo_2019-09-09_20-08-02.jpg
photo_2019-09-09_20-08-03.jpg
photo_2019-09-09_20-08-04.jpg
photo_2019-09-09_20-08-06.jpg
photo_2019-09-09_20-08-07.jpg

 

A.MUSAYEV, T.MAMADAMINOV (surat), OʻzA