Mustaqillik bayramini yangi uyda nishonlayotgan oilalar

“Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!”
Qoraqalpogʻiston Respublikasida bir guruh kam taʼminlangan oilaga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi homiyligida bunyod etilgan yangi uy-joylarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Shu munosabat bilan Qoraoʻzak tumanida bayram tadbiri tashkil etildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, Nukus, Qoraoʻzak, Kegayli, Amudaryo, Shumanay, Qonlikoʻl, Qoʻngʻirot, Xoʻjayli, Chimboy, Ellikqalʼa, Boʻzatov tumanlari va Nukus shahrida qurilgan uylarning kalitlarini olgan 30 oila vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi oʻrinbosari O.Hamroyev, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi U.Jalmenov va boshqalar yigʻilganlarni mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayrami bilan qutladi.
Taʼkidlash joiz, Taxtakoʻpir tumanida joriy yilning fevral oyida 6 ta, mart oyida Taxiatosh shahrida 60 ta, iyun oyida Toʻrtkoʻl tumanida 5 ta, jami 71 ta kam taʼminlangan oilaga uy-joy topshirilgan edi.
– Uy-joyimda yongʻin sodir boʻlganligi tufayli oʻgʻlim, kelinim va nevaram bilan ijarada yashab kelayotgandik, – deydi Nukus tumanilik Z.Sultamurotova. – Oilaviy sharoitimni hisobga olib oʻzim istiqomat qilayotgan mahalla fuqarolar yigʻini hududidan 5 xonali uy-joy berildi. Mamlakatimizda yordamga muhtoj insonlar hamisha davlatimiz eʼtiborida. Buni hamisha his qilib turamiz. Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligini yangi uyda nishonlayotganimizdan xursandmiz.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA