Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga ravnaq va farovonlik tilab, ezgu istaklar izhor etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan, shaxsan oʻz nomimdan Sizga va doʻst Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklar bildirishga ijozat bergaysiz.
Men Xitoy – Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib kelmoqdaman, Siz bilan oʻrtamizdagi samarali ishchan va shaxsiy aloqalarni yuksak qadrlayman.
Siz bilan siyosiy oʻzaro ishonchni mustahkamlash, ikki mamlakat va xalqlar farovonligi uchun Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini uzluksiz va izchil rivojlantirishga erishish maqsadida “Bir makon, bir yoʻl” loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirishga birgalikda saʼy-harakat qilishga tayyorman.
Doʻst Oʻzbekistonga taraqqiyot va kuch-qudrat, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Si SZINPIN,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Milliy bayram – Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Mamlakatingiz iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot borasida gʻoyat salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston haqli ravishda dunyo maydonida yuksak nufuzga ega boʻlib bormoqda, mintaqaviy va xalqaro masalalarda konstruktiv rol oʻynamoqda.
Davlatlarimiz oʻrtasidagi azaliy anʼanaviy doʻstlik, oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanayotganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlayman.
Ishonchim komilki, biz bundan keyin ham xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash yoʻlida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashda davom etamiz.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, chin yurakdan sihat-salomatlik va muvaffaqiyatlar, barcha yurtdoshlaringizga farovonlik va taraqqiyot tilayman.
Ehtirom ila,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Sizni va Oʻzbekiston xalqini Amerika xalqi nomidan 1-sentyabr –mamlakatingiz mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan tabriklayman.
Sizning Oq uyga tashrifingizni yodga olib, mamlakatlarimiz oʻrtasida soʻnggi yillarda mustahkamlanib borayotgan strategik muloqotlarni yuqori baholashimni taʼkidlashni istar edim.
Shuningdek, Sizning Oʻzbekiston ahliga xizmat qiluvchi yanada mustahkam, shaffof va masʼuliyatli tashkilotlar yaratish orqali mamlakat kelajagiga sodiqligingizni qadrlayman.
Sizning muvaffaqiyatli yutuqlaringizda sherik boʻlishdan gʻururlanamiz.
Sizga va Oʻzbekiston xalqiga kelgusi yillar barqaror va samarali boʻlishini tilayman. Yanada yaqinroq hamkorlikni qizgʻin kutib qolaman.
Hurmat bilan,
Donald TRAMP,
Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti
* * *
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.