“Oʻzatom” agentligining axborot xizmati xabariga koʻra, bu Jizzax viloyatidagi Tuzkon koʻli yaqinidagi hududdir.
2018-yilning avgustidan shu yilning mart oyiga qadar AES qurilishi uchun ajratilgan taxminiy maydonlarda muhandislik-tadqiqot ishlarining birinchi bosqichi amalga oshirildi. Unga koʻra, Navoiy va Buxoro viloyatlarining Toʻdakoʻl suv ombori yaqinidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi Tuzkon koʻli atrofida joylashgan 3 ta maydonda ilmiy-amaliy jarayonlar olib borilgan.
Ushbu hududlarda olib borilgan muhandislik-tadqiqot ishlari Oʻzbekiston va Rossiya davlatlari oʻrtasida mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv va mazkur hamkorlik doirasida tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” ijrosini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ayni chogʻda bu maydonni tasdiqlash hamda litsenziyalash borasidagi ishlarning ikkinchi bosqichi davom ettirilayotir.
Joriy yilning 17-may kuni “Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik boʻlimiga qarashli “Atomstroyeksport” aksiyadorlik jamiyati bilan texnik loyihani ishlab chiqish uchun muhandislik-tadqiqot ishlarini olib borish boʻyicha shartnoma imzolandi. Unga asosan hozir dastur ishlab chiqish, xodimlar va texnika taqsimoti boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.
Maʼlumot oʻrnida, AES qurilishi boʻyicha maydon tanlanganlik haqida xabar Oʻzbekiston Respublikasi hududida AES qurilishini amalga oshirish loyihasini nazorat qiluvchi respublika ishchi guruhining qoʻshma majlisi va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligining ilmiy-texnik va ekspertlik kengashi qarori, shu bilan birga, mutaxassislar va xalqaro ekspertlar xulosalariga asoslanilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA.