Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 16-17 may kunlari Andijon viloyatida boʻldi.
Andijon viloyati hokimligida Prezident raisligida faollar yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyatida ham katta oʻzgarishlar yuz bermoqda. Xususan, oʻtgan yili yalpi hududiy mahsulot 12 foiz, jalb etilgan investitsiyalar hajmi 19 foiz oʻsgan. Joriy yil birinchi chorakda ham yuqori surʼat kuzatildi.
Shunga qaramay, hali viloyatda ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi, iqtisodiyot zamon talablari asosida diversifikatsiya qilinmagani taʼkidlandi. Jumladan, sanoat mahsulotining 80 foizi Asaka tumani va Andijon shahriga toʻgʻri keladi. Boshqa tumanlarda sanoat deyarli rivojlanmagan.
Shuni inobatga olgan holda, Andijon viloyatida 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan qiymati 25 trillion 181 milliard soʻmga teng 908 loyihadan iborat investitsiya dasturi ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar doirasida 1,7 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyani oʻzlashtirish, 35 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagi boʻlgan oilalarni aniqlab, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 420 milliard soʻmlik imtiyozli kredit ajratish belgilandi.
Yigʻilishda ijtimoiy sohani rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yilda Andijon shahrida 14 ta koʻp qavatli arzon uy va koʻplab tijoriy asosdagi uylar, qishloq joylarda 224 ta namunali uy-joy va 56 ta koʻp qavatli arzon turar joy qurilishi maʼlum qilindi.
Prezidentimiz viloyat aholisi oʻsib borayotgani yana koʻplab uylar qurish va qoʻshimcha ish oʻrinlari ochish, ijtimoiy va kommunal xizmatlar tashkil etishni talab qilishini, demak, tegishli vazirliklar va viloyat rahbarlari uzoqni koʻzlab ish yuritishi zarurligini taʼkidladi.
Qanchalik ogʻir boʻlmasin, islohotlarni barcha joyda bir xil olib borish qiyin. Chekka joylarni qoʻyib turing, hatto viloyat markazlarida ham hanuzgacha shoʻro davri manzarasini beradigan mahallalar, koʻchalar uchraydi.
Andijon shahrining Mustaqillik mahallasini ham oʻz nomiga monand deb boʻlmaydi. Bu yerda achinarli ahvolda yashayotgan oilalar uchun Xoʻjaobod tumani Xidirsha massividan 54 gektar yer ajratilib, Mustaqillikning 27 yilligi mahallasi barpo etilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Davlatimiz rahbari 16 may kuni yangi mahallada boʻlib, bu yerga koʻchib kelayotgan oilalar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishgan, bunyodkorlik ishlari koʻlamini kengaytirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.
Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni Andijon shahrining Mustaqillik mahallasiga borib, bu yerdagi haqiqiy ahvol bilan tanishdi.
5 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydigan bu mahalla hech qanday sharoit yoʻqligi bois, shaharning ogʻriq nuqtalaridan biriga aylanib qolgan edi. Koʻchalarga mashina sigʻmaydi, qayerga qaramang torlik, pastqamlik, zaxlik, qoʻlansa hidga chidab boʻlmaydi. Qachondir muqarrar koʻchish kayfiyatidagi odamlar hatto devor, darvoza, eshik-romlarni boʻyashga hafsala qilmaydi, oʻt-oʻlan qovjiragan hovlisiga qaramaydi.
Prezidentimiz eski barak shaklidagi hovlilarda yashayotgan odamlar bilan suhbatlashdi.
Bunday sharoitda kun kechirishning oʻzi boʻlmaydi. Ayniqsa, bolalar shu sharoitda yashab kelayotgani ayanchlidir. Andijonda yer masalasi juda ogʻir. Bu yerga kelishimizdan maqsad odamlar turmushi bilan tanishish, hamma oilalar uchun yaxshi sharoit yaratib berish, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mahalla vakillari bahavo adirlikdan joy ajratilib, barcha sharoitlari mavjud uy-joylar qurilayotgani va oilalar koʻchirilayotganidan juda mamnun ekanini alohida taʼkidladi.
Avval maʼlum qilinganidek, Mustaqillik mahallasi oʻrnida, Boburshoh, Amir Temur va Navoiy shohkoʻchalarining kesishmasida “Andijon sity” ishbilarmonlik markazi barpo etiladi.
Prezidentimiz bu qurilishda har bir qarich yerdan oqilona foydalanish, koʻkalamzorlashtirishga alohida eʼtibor berish zarurligini taʼkidladi.
Xuddi “Toshkent city”dagi singari bu yerda ham uylar va ofislar savdosi bilan shugʻullanuvchi koʻrgazma tashkil etish zarur. Odamlar kelib koʻrsin, shunda qiziqishi ortadi. Bu shaharcha yana ikki yildan soʻng Andijonning koʻz-koʻz qiladigan joyi boʻladi, dedi davlatimiz rahbari.
Mamlakatimizda taunxaus uslubidagi massivlar qurilishi loyihalari ishlab chiqilgan. Prezident taklifi bilan Andijon viloyatida aholi yashash sharoitini yaxshilash eng dolzarb masalalardan boʻlgani bois, birinchi boʻlib shu hududda bunday uylarni qurishni boshlash rejalashtirilmoqda.
“Qorakoʻl stroy engineering” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqqan loyihaga koʻra, 7,5 gektar yerda 108 ta taunxaus uslubidagi uy, 9 ta 5 xonali va yana shuncha 3 xonali kottejlar, bolalar bogʻchasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quriladi.
Eng muhimi, ushbu massiv oʻzining suvni tozalash, kanalizatsiya inshooti, suv isitish stansiyasi, kichik elektr stansiyasi, quyosh elektr stansiyalariga ega boʻladi. Yaʼni taunxaus uylari oʻzini oʻzi toza ichimlik suvi, elektr, issiqlik bilan taʼminlaydi. Ularni qurishda energiyatejamkor materiallardan foydalaniladi.
Taqdimot chogʻida taunxaus uylari aholini ijtimoiy muhofaza qilish va resurslarni tejashda muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Bu uylar – kelajak uylari. Qishloq uylari qayerda qurilishidan qatʼiy nazar, endi kamchiqim boʻladi, ham odamlarga shahardagiday sharoit yaratiladi. Shuning hisobiga bu uylar narxi hozirgilari bilan teng, ammo kompleks sharoitga ega boʻladi, dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xiyoboni va ijod maktabida boʻldi.
Muhammad Yusuf xalqning dardi, qalbidagi quvonchu shodliklar, ona yurtga muhabbat, sadoqat va fidoyilik tuygʻularini sodda va goʻzal misralar orqali tarannum etgan oʻziga xos ijodkor edi. Uning asarlari minglab qalblarga baxt va quvonch tuygʻusi, samimiyat va begʻuborlik, maʼnaviy goʻzallik ulashayotir. Shoir ijodini oʻrganish, keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Davlatimiz rahbari 2017 yil 2-3 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomidagi maktab tashkil etish, yoshlarga uning ijodini, oʻzbek adabiyotining yangi qirralarini chuqur oʻrgatish, isteʼdodli ijodkorlarni tarbiyalash taklifini ilgari surgan edi. Shu asosda 2017 yil 25 iyulda Vazirlar Mahkamasining “Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab va Muhammad Yusufning byusti oʻrnatilgan xiyobonni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Andijon shahrining Amir Temur koʻchasida shoir nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat va shoirning byusti oʻrnatilgan xiyobon barpo etildi. Bugun mazkur maktabda 150 nafar iqtidorli yigit-qiz taʼlim olmoqda.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi aʼzosi, haykaltarosh Shohruhbek Oʻrozov tomonidan yaratilgan byust va ikki favvora, manzarali gul va daraxt koʻchatlari oʻtqazilgan xiyobon Andijon shahrining koʻrkiga koʻrk qoʻshib, yosh ijodkorlar toʻplanadigan adabiy-badiiy maskanlaridan biriga aylangan.
Prezident maktab-internat oʻqituvchi va oʻquvchilari bilan muloqot qildi. Muhammad Yusufning ijodiy faoliyati, maktabda oʻqigan kezlari foydalangan oʻquv qurollari, suratlar joy olgan muzeyda boʻldi. Oʻquvchilar shoir sheʼrlari va oʻz ijod namunalaridan oʻqib berdi.
Muhammad Yusuf xalqchil shoir edi. U qisqa umri davomida katta maʼnaviy meros qoldirib ketdi. Vatan haqida sodda til bilan yozgan samimiy sheʼrlari doimo qalbimizda saqlanib qoladi. Eng katta boylik – bu maʼnaviy boylikdir. Shuning uchun yoshlarimiz doimo oʻqishi, izlanishi lozim. Hamma narsa oʻtkinchi. Lekin bilim hech qachon yoʻqolmaydi. Bilimli odam hech qachon xor boʻlmaydi. Shuning uchun sizlar oʻqish, izlanishdan toʻxtamasligingiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga maktab-internat oʻquvchilari uchun avtobus ajratish, boshqa viloyatlardagi ijod maktablariga borib, tengdoshlari bilan muloqot qilishiga koʻmaklashish, viloyat televideniyesida oʻquvchilar ishtirokida koʻrsatuvlar tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu bilan Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi yakuniga yetdi.
OʻzA