1-3 aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Tanzila Norboyeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev hamda “Oʻztoʻqimachiliksanoat”, “Oʻzbekiston ipagi” uyushmalari va Kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbarlaridan iborat hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Bryusselda boʻladi.
Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqidagi missiyasi maʼlumotlariga koʻra majburiy mehnatga barham berish masalalariga masʼul mamlakatimiz Hukumati vakillari Bryussel shahrida “Oʻzbekiston paxta terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga qanday barham bermoqda” mavzusidagi munozara forumida ishtirok etadi. Mazkur tadbir Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, Oʻzbekiston, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Shveysariya Elchixonalari tomonidan tashkillashtirilmoqda. Forum ishida Yevropa komissiyasi, xalqaro nohukumat tashkilotlar vakillari, mehnat va huquqni himoya qilish masalalari bilan shugʻullanuvchi nohukumat tashkilotlar, paxta ishlab chiqarishda bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi boʻlgan kompaniyalar ishtirok etadi.
Tashrif dasturidan Yevropa Ittifoqi, Belgiya Qirolligi, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, Yevropaning yirik ishlab chiqaruvchilari, riteylerlari va kasaba uyushmalari birlashmalari hamda yetakchi Yevropa brendlari vakillari bilan uchrashuvlar oʻrin olgan.
Hukumat delegatsiyasi Kasaba uyushmalari xalqaro konfederatsiyasi bosh kotibi Sharan Barrou, “Human Rights Watch” xalqaro nohukumat tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar vakillari bilan ham muzokaralar olib boradi.
OʻzA