Prezident Shavkat Mirziyoyev Romitan tumanidagi “BCT Cluster” xorijiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Qishloq xoʻjaligida klaster tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar doirasida mazkur korxona uchun 8 ming gektar yer ajratilgan edi. 3 mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlanib, paxta yetishtirish va uni qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi. Birgina 2018 yilda 20 ming tonnadan ziyod xomashyo yetishtirilib, uni qayta ishlash natijasida 61,5 million dollarlik daromad olindi.

Eʼtiborlisi, korxonaga dastlab qariyb 75 million dollar investitsiya yoʻnaltirilgan edi. Yaʼni, sarflangan mablagʻ bir yildayoq oʻzini salkam oqladi.

Yana bir jihati: shuncha paxta tola sifatida sotilganda 11,5 million dollar boʻlardi. Qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotilganda 50 million yoki 6 barobar koʻp qoʻshimcha qiymat yaratilgan.

– Mana, klasterlar qanday boʻlishi kerak. Tadbirkorda manfaatdorlik hissi, yangicha dunyoqarash boʻlsa, albatta natija qiladi. Iqtisodiyot ishlasa, ijtimoiy sohalarniyam “tortadi”. Klaster elga manfaat keltiradi, odamlarni ish bilan, daromad bilan taʼminlaydi. Eng katta maqsadimiz mana shu, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

69d96186-87b3-0656-e1f4-1b9d0cad6b2f.jpg
Umuman, klaster paxta xomashyosi yetishtirish, uni qayta ishlab, tayyor mahsulotlargacha boʻlgan 8 ta loyihani oʻz ichiga oladi. Ip-kalava va mato ishlab chiqarish, ularni boʻyash, tayyor kiyim tikish fabrikalari qurilishi davom etmoqda.

Shuningdek, yogʻ-moy zavodi, chorvachilik kompleksi va ozuqa ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu yerda Buxoro viloyatida pillachilik va qorakoʻlchilik, baliqchilik, tomorqachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, zamonaviy uzumchilik, limonchilik klasterlarini tashkil etish, sugʻorish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, fermer xoʻjaliklarini yoqilgʻi va mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirishga oid ishlar haqida maʼlumot berildi.

Xususan, Qorovulbozor tumanida aholi tomorqalaridan samarali foydalanishning namunali tizimini yaratish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. “Qorovulbozor tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan loyiha doirasida 3 mingdan ortiq xonadonda mevali bogʻ tashkil etish, ixcham issiqxonalar qurish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari 2 ming 500 dan ortiq xonadonga quyon, parranda, naslli qoramol, shinshilla yetkazib beriladi.

Prezidentimiz tomorqa yerlardan samarali foydalanishga oid rejalarga alohida eʼtibor qaratib, aholiga amaliy koʻmak berish zarurligini, bu oziq-ovqat mahsulotlari moʻl-koʻlligi va arzonligi, bozorlarda narx-navo barqaror boʻlishida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

32506ac3-004f-6218-1151-ee326776963b.jpg
e3eb32af-77c7-e6cd-8858-e38717af4edd.jpg
e7840eeb-8229-7a37-e514-bdd1ccc366d2.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA