Prokuratura organlarining 1 198ta shtat birligi qisqartiriladi

Oʻzbekiston prokuratura organlari tizimida qator lavozimlar va boshqarmalar tugatildi.
Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Farmonga koʻra, 2019 yil 1 apreldan:
  • Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan amalga oshiriladi;
  • Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarga oid qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
  • Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi Bosh prokuratura tasarrufidan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tasarrufiga oʻtkazildi.
Oʻzbekiston prokuratura organlari tizimida quyidagilar tugatildi:
  • Bosh prokuror oʻrinbosari lavozimlarining ikkita shtat birligi;
  • Bosh prokuraturaning Tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi;
  • Bosh prokuraturaning Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari;
  • Bosh prokuraturaning Soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari;
  • soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilishga masʼul Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining oʻrinbosarlari, tumanlar (shaharlar) prokurorlarining oʻrinbosarlari va yordamchilari lavozimlari;
  • tumanlar (shaharlar) prokurorlarining tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga masʼul oʻrinbosarlari hamda katta yordamchilari lavozimlari;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tadbirkorlikni himoya qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boʻlimi.
  • Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etildi.
Prokuratura organlarining qisqartirilayotgan 1 198 ta shtat birliklaridan:
  • 87 tasi – Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoniga;
  • 470 tasi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi boʻlinmalariga yoʻnaltiriladi.

 

OʻzA