Mo‘ynoqda “NavrUZ” etnofestivali o‘tkaziladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida Navro‘z bayrami o‘zgacha ruhda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Yangi hayot boshlanayotgan tumanda bayramni o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
– Tumanda “NavrUZ” etnofestivalini o‘tkazish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Asan Nietullaev. – Ushbu etnofestivalni tashkil qilishdan asosiy maqsad Mo‘ynoq tumanida turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shish va milliy an’analarimizni madh etishdan iboratdir. Festival asosan tuman markazi – Hunarmandlar qishlog‘ida o‘tkaziladi. Tadbir ishtirokchilari ikki kun davomida har xil folklor-etnografik jamoalarning chiqishlarini, milliy o‘yinlarni va ko‘rgazmalarni tomosha qilishi mumkin.
Festival mehmonlari hududda baliqchilar, hunarmandlar uylari, milliy an’anaga mos tarzda uy mehmonxonalari qurilganiga guvoh bo‘ladi. Hunarmandlar shu yerda kashtachilik, gilamchilik, quroq tikish va boshqa ishlar bilan shug‘ullanmoqda.
Milliy an’analarga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan xoreografik dasturlar namoyish etilishi ko‘zda tutilgan. Sumalak, Navro‘z go‘ja tayyorlanadi. Chimboy tumanidan tashrif buyurgan uy ustalari esa o‘tovlarni qurish jarayonini namoyish qilishadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jismoniy madaniyat va sport vazirligi milliy hamda xalqimizning azaliy ot sporti o‘yinlarini namoyish etadi.
Festival davomida bir tomonda milliy kiyimlar modasi namoyish etilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomonda hunarmandlarning qo‘l mehnatlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Sayl tashkil etiladi.
Mumtoz ashulalar yangrab, gulxan atrofida jirov-baxshilar terma-dostonlar ijro etishadi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA