Poytaxtimizda 13 mart kuni Oʻzbekiston – Qozogʻiston tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan, Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasida mavjud savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Unda ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Forumda mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida soʻzlab berildi.
Tashkil etilgan B2B formatdagi uchrashuvlarda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarning joriy holati va istiqbollari, sanoat, ishlab chiqarish, transport va tranzit sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimizdan Qozogʻistonga tabiiy gaz, meva-sabzavot, polietilen, toʻqimachilik mahsulotlari, turli metall va mineral oʻgʻitlar eksport qilinmoqda. Oʻz navbatida, Qozogʻistondan qora metall, neft mahsulotlari, ohak, sement, alyuminiy, paxta va soya yogʻi, don va don mahsulotlari importi yoʻlga qoʻyilgan.
Hozirgi kunda mamlakatimizda ikki davlat kapitali ishtirokida 290 ga yaqin qoʻshma korxona faoliyat yuritadi. Qozogʻistonning 16 ta kompaniyasi Oʻzbekistonda vakolatxonasini ochgan. Hamkor davlat hududida mamlakatimiz rezidentlari ishtirokidagi 199 ta qoʻshma korxona, savdo uylari tashkil etilgan.
Biznes-forumda ikki davlat ishbilarmon doira vakillari oʻrtasida hamkorlik, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishishga doir qator kelishuvlarga erishildi.
Zuhra MIRZABOYEVA, OʻzA muxbiri