Pokistonda Oʻzbekiston sayyohlik axborot markazi ish boshladi

Pokistonda Oʻzbekiston sayyohlik axborot markazi tashkil etildi. Marosimda mamlakatimizning Pokistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqov hamda Pokiston iqlim oʻzgarishi vaziri Zartaj Gul xonim soʻzga chiqdi.
Tadbirda ikki davlat vazirlik va idoralari vakillari, soha mutaxassislari, jurnalistlar ishtirok etdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Mamlakatimiz Markaziy Osiyo davlatlari orasida Pokiston bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muntazam havo transporti aloqasiga ega mamlakat hisoblanadi. Pokiston sivilizatsiya oʻchogʻi hamdir. Sayyohlik markazining tashkil etilishi mamlakatlarimiz oʻrtasida azaliy hamkorlik aloqalarini yangi bosqichda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbirda F.Siddiqov Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, taʼlim muassasalari, biznes imkoniyatlari, sanoat va sayyohlik imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. Pokistonliklarning yurtimizda taʼlim, biznes va turizm sohalaridagi faoliyatini yuksak baholab, ular uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilganini alohida qayd etdi.
– Bu markaz pokistonlik yoshlar uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi, – dedi Z.Guli. – Endilikda, ular dunyo sivilizatsiyasiga, xususan, islom dini rivojiga munosib hissa qoʻshgan zamin, bu yerda yashab oʻtgan buyuk ulamolar, olimlar haqida toʻliq maʼlumot olish imkoniga ega boʻlishadi.
Xabarda 2018 yilning mart oyidan eʼtiboran FlyDubai aviakompaniyasi tomonidan Pokiston – Toshkent aviareysi yoʻlga qoʻyilgani haqida aytilgan. Hozirga qadar Lahor – Toshkent aviaqatnovi yoʻlga qoʻyilgan edi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA