OʻzA xodimlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi xodimlari bilan talabalar uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar oliy taʼlim tizimida ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Oʻqitish sifatini yanada takomillashtirish, yoshlarni oliy taʼlimga koʻproq jalb qilish, taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro masalalar boʻyicha prorektori Saidmuxtor Saidqosimov, ushbu muassasada yoshlarga sifatli taʼlim berish uchun barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidladi. Ayni paytda universitetda 1 ming 250 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga siyosiy fanlar, milliy davlatchiligimiz asoslarini oʻrganish, globallashuv sharoitida ichki va tashqi siyosatni shakllantirish, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga doir fanlardan taʼlim beriladi.
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA bosh direktori Abdusaid Koʻchimov bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan yaratuvchilik ishlari, shuningdek, agentlik xodimlari zimmasidagi vazifalar toʻgʻrisida talabalarga soʻzlab berdi. Yoshlarning ommaviy axborot vositalari, xususan, OʻzA faoliyatiga doir oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.
Uchrashuvda xalqaro munosabatlar boʻyicha ixtisoslashayotgan talabalar bilan ijodiy aloqani yanada mustahkamlash maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muxbirlar punktini ochish toʻgʻrisida kelishib olindi.

 

Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA