Faollar yigʻilishidan soʻng Prezidentimiz Jizzax shahridagi Mirzo Ulugʻbek mahallasida boʻlib, hududda qurilishi rejalashtirilayotgan uy-joylar, ijtimoiy obyektlar, obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi.
Jizzax shahrini obodonlashtirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar boshlangan. Shahar bosh rejasiga koʻra, Kimyogar, Ittifoq mahallalarida, Mustaqillik koʻchasida 5 va 7 qavatli uylar quriladi, ular atrofida savdo majmualari, klinika, mehmonxona hamda mahalla idoralari qad rostlaydi. Ayni paytda bu uylar qurilishi boshlab yuborilgan. Ular 2022 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Jizzaxda turizmni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat, qulay tabiiy sharoit mavjud. Sayyohlarda dastlabki taassurot esa shahar temir yoʻl vokzalidan boshlanishi tabiiy. Shu maqsadda Jizzax temir yoʻl vokzali tubdan rekonstruksiya qilindi. Barcha zarur sharoitlar yaratilgan vokzaldan chiqishingiz bilan Mirzo Ulugʻbek mahallasi boshlanadi. Bu yerda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari bajarilmoqda.
Xususan, vokzal va Toshkent koʻchasini birlashtiruvchi hududda 13 ta 894 xonadonga moʻljallangan 7 qavatli uy qurilmoqda. Bu uylar yangi koʻchaning ikki chetida joylashadi, atrofi obodonlashtirilib, oʻziga xos chiroyli landshaft hosil qiladi.
Jizzax shahrida viloyat qoʻgʻirchoq teatri quriladi. 250 yosh tomoshabinga moʻljallangan mazkur maskan joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi maqsad qilingan. Buning uchun 12 milliard 700 million soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Davlatimiz rahbariga viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, shahar oqava suv tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi.
Hozirda Zarafshon daryosidan suv olib kelish uchun magistral quvur va nasos stansiyasi qurilishi boshlangan. Bu ishlar yakunlangach Zarbdor, Baxmal, Paxtakor, Mirzachoʻl, Doʻstlik, Gʻallaorol, Sharof Rashidov tumanlaridagi aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.
Prezidentimiz aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash eng muhim masalalardan biri ekanini taʼkidladi. Rejadagi ishlarni tez va sifatli bajarish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Loyihalar taqdimotida mamlakatimiz avtomobil yoʻllari atrofini koʻkalamzorlashtirish, yoʻlboʻyi infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ham aytildi.
Yoʻllar boʻyiga qayragʻoch, klyon, eman, akatsiya, yapon saforasi, tut, terak, lola, kashtan, suriya atirguli, hind sireni, magnoliya kabi daraxt va gul koʻchatlari ekiladi.
Davlatimiz rahbari Jizzax shahridagi 3-sonli ichki ishlar boʻlimida ham boʻlib, oʻtgan yilgi topshiriqlar ijrosini koʻzdan kechirdi.