Xorijda vaqtincha ishlamoqchi boʻlgan fuqaroga qanday imtiyozlar bor?

Mamlakatimizda fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi boʻlgan fuqarolar uchun zarur qulaylik yaratilgan.
Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan brifing mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan huquqiy tartib-taomillar mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirishga bagʻishlandi.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda aholining huquqiy axborotga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va joylarda qonuniylikni mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani taʼkidlandi.
Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2018 yil 5 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil boʻlayotir.
Tadbirda viloyat adliya boshqarmasi, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Surxondaryo viloyati filiali, “Ipotekabank” va “Aloqa bank” viloyat filiallari, Termiz xalqaro aeroporti va Termiz temir yoʻl vokzali masʼul xodimlari sohada roʻy bergan oʻzgarish va yangiliklar, imtiyozlar va ulardan qonuniy foydalanish tartibi xususida atroflicha maʼlumot berdi.
– Konstitutsiyamizda fuqarolarning erkin ish tanlash huquqi belgilab qoʻyilgan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi masʼul xodimi D.Shodiyev. – Keyingi yillarda mamlakatimizda mehnat faoliyatini davom ettirish uchun xorijga joʻnab ketayotgan fuqarolarga bir qator imtiyozlar qoʻllanilmoqda. Ularning ayrimlari yaratilgan bu imkoniyatlardan bexabarligi bois muammolarga duch kelayotir. Mazkur tadbir ana shu imtiyozlar haqida aholiga yanada keng tushuncha berish maqsadida tashkil etildi.
Brifingda taʼkidlanishicha, oʻtgan yili viloyat adliya boshqarmasi, tuman-shahar boʻlimlariga mehnat munosabatlari va ish haqi bilan bogʻliq 280 murojaat kelib tushgan. Hozirgacha ularning 220 ga yaqini hal etilgan. Ayni paytda Adliya vazirligi tomonidan bu boradagi muammolarga chek qoʻyish uchun mehnat huquqlari boʻyicha elektron anonim soʻrovnoma oʻtkazilmoqda.
Viloyatda xorijga chiqib, vaqtincha mehnat faoliyatini davom ettirmoqchi boʻlgan fuqarolarning yoʻldagi xavfsizligini taʼminlash uchun Termiz shahrida temir yoʻl va avia chiptalarni chegirma bilan sotishga ixtisoslashgan kassalar ishga tushirildi. Chipta xarid qilishda chet elga ishlash uchun ketayotgan har bir fuqaroga yiliga bir marta yordam puli berish joriy etildi. Shuningdek, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan baland boʻlmagan foizda bir yillik muddat bilan 8 ming dollargacha kredit olish imkoniyati yaratilgan. Bunday imtiyozlardan foydalanish uchun mamlakatimizdan tashqarida vaqtincha ishlashga joʻnayotgan fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan shartnoma tuzib, uni taqdim etishi belgilab qoʻyilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili viloyatda 76 mingga yaqin fuqaro xorijga chiqib ketgan. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi shartnomasi asosida ulardan 7 mingdan ortigʻi mazkur imtiyozdan foydalanib, arzon narxdagi avia va temir yoʻl chiptalari xarid qilgan. Xorijda vaqtincha mehnat qilish istagini bildirgan 22 fuqaroning har biriga “Ipotekabank” orqali 8 ming dollargacha imtiyozli kredit mablagʻi rasmiylashtirilgan. “Aloqabank” viloyat filialida 10 mingdan koʻproq fuqaroga “vizamigrant” kartasi ochilgan.
Tadbirda tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bilan bogʻliq tartib-taomillarning mazmun-mohiyati va ahamiyati boʻyicha olib boriladigan targʻibot-tushuntirish ishlarini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.

 

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA