Markaz xalqlar doʻstligiga xizmat qiladi

Prezident Mirzachoʻl tumanidagi Oʻzbek – qozoq milliy madaniyat markazi faoliyati bilan tanishdi.

Mirzachoʻl baynalminal tuman. Bu yerda choʻlni oʻzlashtirishga birinchilardan boʻlib kelgan turli millat vakillarining farzandlari istiqomat qiladi. Tuman qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi bilan chegaradoshligi tufayli hududning milliy tarkibida qozoqlar alohida oʻrin tutadi. Qadimdan bir oila farzandidek yashab kelgan ikki millat vakillarining milliy madaniyati, urf-odatlari birlashib, bir-birini boyitib kelayotir.

Oʻtgan asrning oʻrtalarida respublikamizda yagona Qozoq milliy teatri ham aynan shu yerda tashkil etilgan. Keyinchalik teatr faoliyatini moddiy qoʻllab-quvvatlashga eʼtiborning susayishi oqibatida binodan foydalanishga, ijodiy jamoani shakllantirishga ham imkon boʻlmay qolgan edi.

Bugun teatr binosi rekonstruksiya qilinib, tuman markazidagi eng koʻrkam inshootga aylantirildi. Teatrning tashqi va ichki tomonlarini taʼmirlashda zamonaviy meʼmorlik va qozoq milliy madaniyati anʼanalariga xos uslublardan foydalanilgan. Koʻrkam va hashamatli madaniyat muassasasi hovlisida manzarali daraxt va gullar ekildi.

Teatr binosidan doimiy foydalanish maqsadida har bir xona rekonstruksiya qilindi. Qozoq milliy buyumlari koʻrgazma xonasi tashkil etildi. Milliy cholgʻuchilik, raqs, ashula, tasviriy sanʼat kabi toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Yangilangan teatr binosida Oʻzbek-qozoq milliy madaniyat markazining tashkil etilgani oʻzaro doʻstlik va hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning muhim qismi boʻldi.

Markazda millatlararo madaniy aloqalarni kuchaytirish, milliy madaniyatlar yutugʻini keng targʻib etish, yoshlarni baynalminal doʻstlik ruhida tarbiyalash uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Markazning teatr binosida joylashgani oʻzbek dramaturglarining asarlarini sahnalashtirib qoʻshni Qozogʻistonda, qozoq sanʼatkorlarining asarlarini Oʻzbekistonda namoyish etish imkonini beradi.

Prezidentimiz mazkur teatrning qayta tiklanishi va Oʻzbek-qozoq milliy madaniyat markazining tashkil etilishi ikki qardosh xalq hamjihatligida muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi. Bu maskan hududdagi ijodiy, maʼrifiy tashkilotlarni, ziyolilarni, yoshlarni ezgu maqsad yoʻlida birlashtirishi zarurligini qayd etdi.

Oʻzbek va qozoq xalqlari sanʼatidan namunalar ijro etildi.

3ab5ae5c-cd80-636f-5be0-3b34d5e2bbaf.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA