Prezidentimiz Forish tumanidagi bazalt toshini qayta ishlab, bazalt tolasi va armaturasini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Mega Invest Industrial” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda mahalliy xomashyodan raqobatbardosh, eksportbop qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi turdagi sifatli qurilish materiallariga boʻlgan ichki ehtiyojni qondirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2017 yil dekabrda faoliyat boshlagan korxonani 3 bosqichda amalga oshirish moʻljallangan. Ayni paytda birinchi va ikkinchi bosqichlari ishga tushirilgan. Buning uchun Buyuk Britaniyaning “Leigh Borrier” kompaniyasining 11 million dollar hamda tijorat bankining 26 million dollar kredit mablagʻi yoʻnaltirildi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Turkiya kabi davlatlardan zamonaviy nou-xau texnologiyalari keltirib oʻrnatildi. Natijada225 nafar aholining bandligi taʼminlandi. 2018 yilda bu yerda ming tonna bazalt armaturasi va setkalar ishlab chiqarildi.
Korxona toʻliq quvvat bilan ishlagach bir yilda 4 ming tonna bazalt tolasi va 4800 tonna armatura tayyorlanadi.
Bazalt armaturasining metall armaturasidan farqi shundaki, 8 barobar yengil, 3 barobar mustahkam, zanglamaydi, oʻzidan elektr tokini oʻtkazmaydi. Shuningdek, metall armaturadan 30 foiz arzon hamda 100 yilgacha oʻz xususiyatini yoʻqotmaydi. Mazkur korxona Oʻrta Osiyoda yagonaligi, MDH davlatlarida ikkinchi ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini yanada oshirish,tannarxini kamaytirish, hajmini koʻpaytirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.