Prezident Forish tumanidagi ulkan loyihalar bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Jizzax viloyati Forish tumaniga tashrif buyurib, atom elektr stansiyasini qurish uchun muhandislik tadqiqotlari olib borilayotgan maydonlardan birini koʻzdan kechirdi.
Maʼlumki, tinch maqsadlarda foydalanish uchun mamlakatimizda birinchi marta atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan. Xorijiy loyihalar soni va koʻlami boʻyicha jahonda birinchi oʻrinda turadigan “Rosatom” korporpatsiyasi bilan kelishuvga erishilgan.
Ushbu stansiya har biri 1 ming 200 megavatt quvvatga ega ikkita, “3+” avlodiga mansub eng zamonaviy va xavfsiz energiya blokidan iborat boʻladi. Ular Xalqaro atom energiyasi agentligining barcha xavfsizlik talablari javob beradi.
Atom energiyasi ekologik toza boʻlib, bunday stansiyalar is gazi hosil qilmaydi. Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida katta miqdorda tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga karbonad angidrid chiqarilishi yiliga 14 million tonnagacha, azot oksidlari chiqarilishi 36 ming tonnaga kamayadi.
Prezidentimiz tadqiqot ishlarining borishi bilan qiziqdi, “Oʻzatom” agentligi va “Rosatom” korporatsiyasi rahbarlari bilan suhbatlashdi.
– Bu ulkan loyiha Rossiya bilan strategik sherikligimizning yangi yoʻnalishi. Mamlakatimiz sanoati rivojlanyapti, aholi soni oʻsyapti. Hali oldinda yana katta rejalarimiz bor. Bular uchun barqaror energiya taʼminoti kerak. Atom elektr stansiyasi energiya manbalari cheklangan sharoitda ana shunday imkoniyat yaratadi, iqtisodiyotni rivojlantirishga, odamlarni ish bilan taʼminlashga xizmat qiladi, dedi davlatimiz rahbari.
Atom elektr stansiyasini aniq hisob-kitob va puxta tayyorgarlik bilan qurish, xorijdagi stansiyalar qurilishidagi tajribani oʻrganish zarurligi taʼkidlandi.
– Bizning atom stansiyamiz boshqalardan ham yaxshi, sifatli va xavfsiz boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu sohaga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar haqida ham maʼlumot berildi. Hozirda 30 nafar oʻzbekistonlik talaba “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadroviy universitetida taʼlim olmoqda. Mazkur bilim yurtining Toshkentda tashkil etilayotgan filiali kelgusi oʻquv yilidan ilk talabalarni qabul qiladi. Bu yoshlar yuqori malakali mutaxassis boʻlib yetishadi va atom elektr stansiyasining xavfsiz ishlashini taʼminlaydi.
Shu yerda Jizzax viloyatining mineral xomashyo bazasini kengaytirish, Forish tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turizm salohiyati va lalmi yerlardan samarali foydalanishga qaratilgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
– Oʻzi Forish imkoniyatlari boʻyicha eng boy tumanlardan biri. Lekin hozir boshqa hududlardan biroz orqada. Bu yerning qishloq xoʻjaligi, geologiya, qayta ishlash sohalaridagi imkoniyatlarini toʻgʻri ishga solsa, aholi farovonligi, mahalliy byudjetni oshirish mumkin, – dedi Prezident.
Avvalgi tashrif chogʻidagi topshiriqqa asosan, suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllash natijasida Forish tumanida 50 ming gektar ekin maydoni paydo boʻlgani taʼkidlanib, unga talab yuqori mahsulotlar ekib, aholi daromadini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari jizzaxlik nuroniylar bilan muloqot qildi.

c9e505e8-7859-2026-7325-1215ac8944e5.jpg

 

OʻzA