Abdulaziz Komilov Turkiya elchisini qabul qildi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Mehmet Sureyya Erni qabul qildi.
Ishonch yorligʻlari nusxalarini qabul qilar ekan, Abdulaziz Komilov elchini tayinlov bilan samimiy qutladi va faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Mehmet Sureyya Er qutlov uchun minnatdorchilik bildirdi va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga munosib hissa qoʻshish uchun bundan avvalgi faoliyati, jumladan, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) prezidenti oʻrinbosari lavozimidagi barcha tajribasidan foydalanishini taʼkidladi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, muzokaralarda koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonni yurtimizga tashrifi va mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlib oʻtgan samarali muzokaralari davlatlararo munosabatlarda yangi sahifa ochgani taʼkidlandi.
Maʼlumotlariga koʻra, 2018 yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmi 40 foizga oʻsib, 2 milliard 172 million AQSH dollarini tashkil etgan. Xususan, 2018 yil natijalariga koʻra, 75 mingga yaqin Turkiya fuqarolari yurtimizga tashrif buyurgan. Bu esa 2017 yilga nisbat ikki barobar koʻp demakdir.
Bu kabi ijobiy oʻzgarishlar ikki davlat hamkorlik munosabatlarining qator sohalarida oʻz ifodasini koʻrsatmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda 2019 yildagi qoʻshma tadbirlar rejasi va kun tartibidagi mavzular yuzasidan muhokamalar boʻlib oʻtdi. Qoʻshma tadbirlar orasida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik boʻyicha Oliy kengashining birinchi majlisi asosiy tadbirlardan hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, 2019 yilda Oʻzbekiston – Turkiya siyosiy muloqotining asosiy voqeasiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA