Morata “Atletiko”ga oʻtyapti, Iguain esa “Chelsi”ga

Joriy qishki transfer oynasidagi eng shov-shuvli oʻtishlar Londonning “Chelsi” klubi bilan bogʻliq boʻladi shekilli. Gap shundaki, jamoa hujumchisi Alvaro Morata faoliyatini oʻzi tugʻilib oʻsgan shahar Madridda davom ettiradi. Bu haqda Cadena Cope nashri xabar qildi.
“Matraschilar” uni mavsum oxiriga qadar ijaraga olishyapti. Agar Morata “Atletiko” oʻyin uslubiga kirishib ketsa, keyinchalik klub hujumchining transfer huquqini sotib olishi mumkin. Eslatib oʻtamiz, iqtidorli hujumchi Antonio Konte davrida “Chelsi” jamoasiga katta maqsadlar bilan olib kelingan edi, ammo Maurisio Sarri davriga kelib Morata tarkibdagi oʻrnini yoʻqotib qoʻydi. Shu bois klub rahbariyati zaxira oʻrindigʻida qolib ketayotgan katta maoshlik hujumchini ijaraga berib yubormoqda.
Oʻz oʻrnida londonliklar safiga huquqiy jihatdan “Yuventus”ga tegishli argentinalik hujumchi Gonsalo Iguain koʻchib oʻtayapti. Italiya matbuoti tarqatgan xabarlarga koʻra futbolchi hozirda ijara asosida toʻp tepayotgan “Milan”dagi jamoadoshlari bilan xayrlashgan va klub bazasidagi narsalarini ham olib ketgan.
Kutilishicha, Iguain bugun yoki uzogʻi bilan ertaga Londonda tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Shundan soʻng hujumchi “Chelsi” bilan mavsum oxiriga qadar ijara shartnomasini imzolaydi. Kelishuvga koʻra argentinalik hujumchi aristokratlarning oʻyin uslubiga mos keladigan boʻlsa, klub uni 36 million yevroga sotib olishi mumkin.

 

Otabek Eshmamatov, OʻzA